AsosiyJamiyat

2022 yilda kambag`allikni qisqartirish va bandlikni ta`minlash qanday tashkil qilinadi?

'2022 yilda kambag`allikni qisqartirish va bandlikni ta`minlash qanday tashkil qilinadi?'ning rasmi

Ayni paytda Bugun Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida hududlarda kambag`allikni qisqartirish va bandlikni ta`minlash borasida 2022 yilda amalga oshiriladigan dasturlar hamda hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma`lum qildi.

"Har bir hududda saylovoldi uchrashuvlarida xalqimiz bilan birga katta-katta marralarni belgilab oldik. Oldimizda turgan eng muhim vazifa - ushbu dasturlarni mahallagacha tushirib, ijrosini ta`minlash hisoblanadi.  Bugungi kunga qadar shakllangan dastur loyihalari eskicha qolipda tayyorlangan va birortasida “ega-kesim” yo`q, birorta viloyat hokimi buni o`zidan o`tkazmagan”, degan Shavkat Mirziyoev o`z ma`ruzasi avvalida.

Shu bois, mahallada ish o`rinlari yaratish va kambag`allikni qisqartirish asosiy mezon sifatida belgilab olinib, kelgusi yil berilayotgan mablag`lar va yaratilayotgan imkoniyatlar mahallaning ehtiyojidan kelib belgilanadi. Bu ishlarni amalga oshirishga hokim yordamchilari mas`ul bo`ladi.

Kelgusi yilda kambag`allik va ishsizlikni qisqartirish borasida ko`riladigan qator chora-tadbirlar to`g`risida ma`lum qilindi:

- oilaviy tadbirkorlik dasturlari, ishsiz aholi va yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o`qitish, xizmat ko`rsatish sohalaridagi loyihalarni amalga oshirish uchun 13 trillion so`m beriladi;

- paxta va g`alladan bo`shaydigan 200 ming gektar maydonning 80 ming gektari aholiga beriladi;

- meva-sabzavot loyihalariga 100 million dollar va meva-sabzavot klasterlariga 2 trillion so`m resurs yo`naltiriladi;

- aholi bandligini ta`minlashda 500 ming gektardan ziyod tomorqalardan samarali foydalanish uchun kelgusi yilda 100 million dollar yo`naltiriladi;

- aholi tomorqasida dehqonchilikni yo`lga qo`yish uchun banklar tomonidan 7 foiz stavkada imtiyozli kreditlar beriladi.

Hokim yordamchilari bu imkoniyatlardan to`g`ri foydalanib,  tomorqasi bo`lgan xonadonlarda 100 ta parranda, 20 ta quyon, 5-6 ta qo`y va echki, kamida 5-10 ta kurka, 5 ta asalari uyalari boqilishini tashkil etishga ko`maklashishi lozimligi ko`rsatib o`tilgan.

    Boshqa yangiliklar