AsosiyJinoyat

Qoraqalpog`istonda tadbirkorlik faoliyatiga to`sqinlik qilgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atildi

'Qoraqalpog`istonda tadbirkorlik faoliyatiga to`sqinlik qilgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atildi'ning rasmi

Fuqaro A.U.ning Qoraqalpog`iston Respublikasi hududida olib borayotgan tadbirkorlik faoliyatiga to`sqinlik qilib, mahsulotini YPX maskanlari orqali Xorazm viloyati hududiga o`tkazishga ruxsat berish evaziga bir guruh shaxslar tomonidan pul talab qilinayotganligi yuzasidan ariza kelib tushgan. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi. 

Unda aytilishicha, murojaatga asosan joriy yilning 2-3 noyabr kunlari O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Xorazm viloyat boshqarmasi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligida tadbir o`tkazildi.

Unda fuqaro K.U. tadbirkordan 50 ta yuk mashinasi uchun 3,5 mln. so`mdan jami 175 mln. so`m miqdoridagi pulni pora sifatida olayotgan vaqtda jinoyat ustida qo`lga olindi.

Dastlabki surishtiruvda, K.U. qo`lga kiritilgan pul mablag`larini sherigi A.X.ga olib borib berishi kerakligini, u esa ushbu pullarni Qoraqalpog`iston Respublikasi IIV xodimlariga berishi lozimligini ma`lum qildi. Shunga ko`ra, sherigi A.X.ga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`rab ariza bilan murojaat qildi.

Ushbu arizaga asosan o`tkazilgan tadbirning navbatdagi qismida fuqaro A.X. jami 50 ta yuk mashinasini  navbatma navbat YPX maskanidan o`tkazib olishga kelishib, 10 ta mahsulot ortilgan yuk mashinalari uchun 35 mln. so`m miqdoridagi pul mablag`larini olayotgan vaqtda jinoyat ustida qo`lga olindi. 

O`z navbatida, A.X. tadbirni davom ettirishini ma`lum qiladi va holat bo`yicha ariza bilan murojaat etadi. Kelishuvga asosan, “Shadli aul” YPX maskanida xizmat olib borayotgan, Qoraqalpog`iston Respublikasi IIV xodimi R.E. vaqt oz qolganligi va tong otgunigacha ulgurish kerakligi aytib, 3 ta mahsulot yuklangan transport vositalarinigina o`tkaza olishini bildiradi.  Arizaga muvofiq, o`tkazilgan tadbirda Qoraqalpog`iston Respublikasi IIV xodimi R.E.  fuqaro A. X.dan pul mablag`larini olgan vaqtda jinoyat ustida qo`lga olindi.

Mazkur holat yuzasidan yuqoridagi shaxslarga nisbatan Xorazm viloyati prokuraturasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi va 25,211-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar