Hurmatli shifokorlar!
Qadrli soha faxriylari!
Avvalo, siz, azizlarni qutlug` kasb bayramingiz – Tibbiyot xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Jahon tibbiyot ilmining asoschilaridan biri, buyuk alloma Abu Ali ibn Sino bobomiz aytganlaridek, odamlar dardiga darmon bo`lmoq – ezgulik va olijanoblikning yuksak namunasidir.
Xalqimiz sizlarning timsolingizda o`z hayotini ana shunday ulug` va mas`uliyatli ishga bag`ishlagan, el-yurt salomatligini asrash yo`lida bor bilim va tajribasi, iste`dod va mahoratini safarbar etib kelayotgan sharafli kasb egalarini ko`radi hamda mashaqqatli mehnatingizni doimo munosib qadrlaydi.
Chindan ham, inson salomatligi jamiyatning bebaho boyligi, shifokorlar esa ana shu boylikning fidoyi posbonlaridir, desak, ayni haqiqatni aytgan bo`lamiz.
Aziz do`stlar!
Mamlakatimizda inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta`minlash, qadr-qimmatini ulug`lashda sog`liqni saqlash tizimi ustuvor ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham yurtimizda tinchlik va sog`liqni ta`minlashga erishsak, qolgan hamma narsaga erishamiz, degan fikrni yana takrorlashni o`rinli, deb bilaman.
Ayni shu maqsadda respublikamizda sog`liqni saqlash tizimini tubdan isloh etish va uning rivojini yangi bosqichga ko`tarish bo`yicha keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu haqda so`z yuritganda, keyingi besh yilda sohaga oid 200 dan ortiq qonun hujjatlari, jumladan, 2019-2025 yillarda Sog`liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilinganini ta`kidlash lozim.
Tibbiyot sohasini moliyalashtirish hajmi yil sayin ortib bormoqda. Buni joriy yilda sohaga 18 trillion so`mdan ziyod yoki 2016 yilga nisbatan 4 barobar ko`p mablag` ajratilgani ham yaqqol tasdiqlab turibdi.
Mamlakatimizda tibbiyotning uch bosqichli milliy modeli – birlamchi tibbiy-sanitariya, shoshilinch tez tibbiy yordam va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat tarmog`i yaratilib, samarali faoliyat yuritmoqda. Eng muhimi, tibbiyot muassasalari xalqqa yanada yaqinlashmoqda.
Tibbiy xizmatlarning sifat darajasi oshib, yangi zamonaviy yo`nalishlar, davolash va diagnostika usullari, noyob ilmiy-amaliy tajribalar shakllanmoqda. Buni birgina misol, ya`ni, qisqa davrda buyrak, jigar va o`zak hujayralarda 700 dan ortiq murakkab operasiyalar muvaffaqiyatli amalga oshirilganida ham ko`rish mumkin.
Onalik va bolalikni muhofaza qilish bo`yicha ishlar ko`lami ham kengaymoqda. Xususan, homilador ayollar salomatligini doimiy nazorat qilish tizimi yo`lga qo`yilgani onalar va go`daklar o`limini sezilarli kamaytirishda muhim omil bo`lmoqda.
O`tgan davrda patronaj xizmati mutlaqo yangicha asosda tashkil etildi. Hamshiralarning uyma-uy yurib, har bir fuqaro salomatligini nazorat qilib borayotgani kasalliklarning oldini olish va aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirishda katta rol o`ynamoqda.
Davlat tibbiyot muassasalari bilan birga, xususiy klinikalar soni ko`payib, ular 129 ta yo`nalishda faoliyat ko`rsatayotgani sohada sog`lom raqobatni, aholi uchun tanlash imkoniyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Muhtaram yurtdoshlar!
Koronavirus pandemiyasi butun dunyo qatori xalqimiz, ayniqsa O`zbekiston tibbiyoti uchun ham jiddiy sinov bo`lganini barchamiz yaxshi bilamiz. El boshiga ish tushgan ana shunday og`ir va murakkab paytda birinchi bo`lib yordamga shoshilgan, virus o`choqlarida o`z hayotini xatarga qo`yib, bu xavfli kasallikka qarshi mardona kurashgan sog`liqni saqlash xodimlariga ushbu quvonchli ayyomda yana bir bor minnatdorlik bildiramiz.
Aynan sizlarning sa`y-harakatingiz bilan pandemiyaga qarshi kurashning ilg`or usul va vositalari ishlab chiqilib, amalda joriy etilmoqda. Hozirgi kunda aholini koronavirusga qarshi emlash jarayonlari muvaffaqiyatli olib borilmoqda.
El-yurt salomatligini asrash va mustahkamlash yo`lida fidokorona mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlarini munosib rag`batlantirish doimo e`tiborimiz markazida bo`lib kelmoqda. Buning tasdig`ini ularning
ish va turmush sharoitlarini yaxshilash, zamonaviy uy-joylar bilan ta`minlash, moddiy manfaatdorligini oshirishga qaratilgan ishlarimiz misolida ko`rish mumkin.
Agar 2019 yildan buyon ushbu tizimda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizdan qariyb 550 nafari yuksak unvon, orden va medallar bilan taqdirlangan bo`lsa, kuni kecha imzolangan Farmonga ko`ra yana 82 nafar tibbiyot xodimi davlat mukofotlariga sazovor bo`ldilar.
Fursatdan foydalanib, ularning barchasini ushbu munosib e`tirof bilan chin dildan tabriklayman.
Hurmatli soha xodimlari!
Xalqimiz salomatligini saqlash va mustahkamlash biz uchun bundan buyon ham bosh vazifa bo`lib qoladi. Kelgusida sohaga yo`naltiriladigan mablag`larni 2 barobar oshirish, jumladan, yaqin besh yilda oliy toifali shifokorlar maoshini ekvivalent hisobida 1 ming dollarga etkazish belgilangani bu boradagi rejalarimiz ko`lamidan dalolat beradi.
Asosiy vazifamiz – tibbiyot sohasini yuqori samara bilan ishlaydigan, chinakam xalqchil tizimga aylantirishdan iborat.
Bu borada sog`liqni saqlashning birlamchi bo`g`ini orqali tibbiy profilaktikaga, oilaviy shifokorlar rolini oshirishga alohida e`tibor qaratiladi. Jumladan, aholi orasida eng ko`p tarqalgan va erta o`lim holatlarining asosiy sababi bo`lgan kasalliklarni barvaqt aniqlash, maqsadli skrining tadbirlarini o`tkazish, profilaktik maxsus preparatlar bilan bepul ta`minlash hamda sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish, sohaga axborot texnologiyalarini keng joriy etish bo`yicha samarali choralar amalga oshiriladi.
Aziz va muhtaram yurtdoshlar!
Biz o`z oldimizga qo`ygan buyuk maqsad – Yangi O`zbekistonni barpo etishga faqat sog`lom xalq, sog`lom millatgina qodir bo`lishini albatta barchamiz yaxshi tushunamiz.
Ana shunday baland marralarga erishishda el-yurtimiz dardiga hamisha darmon bo`lib kelayotgan siz, azizlar, bor kuch-g`ayratingiz, bilim va malakangizni ayamasdan mehnat qilasiz, deb ishonaman.
Sizlarni kasb bayramingiz – Tibbiyot xodimlari kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, sharafli va mas`uliyatli faoliyatingizda ulkan yutuq va omadlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Qo`lingiz dard ko`rmasin, aziz shifokorlar!
Shavkat Mirziyoev
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti
Manba: Prezident Matbuot xizmati






