Bugun, 12 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi yig`ilish o`tkazildi. Unda yangi qonun loyihasi, “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste`mol qilinishini cheklash to`g`risida”gi loyiha muhokama qilindi. Bu haqda Oliy majlis qonunchilik palatasi xabar bermoqda.
Ma`lumotga ko`ra, qonun loyihasi deputatlarning qizg`in muhokamalariga sabab bo`lgan.
Fraksiya a`zolarining barchasi qonun loyihasida elektron sigaretalarni taqiqlash bo`yicha qat`iy cheklov kiritishni taklif qilishgan. Deputat Alisher Qodirov ham bu borada o`z fikrini bildirdi va elektron sigaretalar qat`iy taqiqlanishi kerakligini tax`kidladi.
"Dunyoning 32 mamlakatida elektron sigaretalar cheklangan ekan, nima uchun biz cheklamasligimiz kerak. Mutaxassislar uning genofondga jiddiy ta`sir ko`rsatishini aytmoqda. Kim nima desa desin, ushbu qonun loyihasiga elektron sigaretalarni qat`iy taqiqlash bo`yicha cheklov kiritilmas ekan, biz ushbu qonunning qabul qilinishiga qarshi ovoz beraveramiz", – deydi Qodirov.
Yakunda ushbu taklif bir ovozdan qo`llab-quvvatlangan.






