Toshkentda o`zgalarni kasal deb xabar tarqatib, pul mablag`larini o`zlashtirgan shifokorga sud hukmi o`qildi. Bu haqda jinoyat ishlari bo`yicha Olmazor tuman sudi sudyasi Zoxiddin Nuriddinov ma`lum qildi.
Nilufar Ravshanova (ismi-shariflar o`zgartirilgan) tibbiyot yshnalishida tahsil oladi, aniqrog`i 2-kurs talabasi, ko`p tarmoqli poliklinikada endokrinolog shifokor vazifasida ishlab kelgan. U bel og`ritmay pul topish maqsadida kompyuter texnikasi vositalaridan foydalangan holda “Ma`murova Gulnora yordamga muxtoj, hozirda uning ikkala bo`yragi ishlamayapti. Buyrak ko`chirib o`tkazish operasiyasi uchun 25.000 AQSh dollari kerak”, degan mazmunda yolg`on e`lon berib, e`lon tagiga o`ziga tegishli bo`lgan plastik karta raqamini yozadi. Ushbu e`lonni bir necha telegram guruhlariga tarqatadi. Natijada ushbu yolg`on ma`lumotga ishongan Ashurova Soliha tomonidan mazkur plastik kartaga 1.000.000 so`m miqdorida pul o`tkaziladi. Nilufar Ravshanova bu pullarni o`z ehtiyoji uchun sarflab yuboradi. Unga pul topishning bu oson yo`li yoqib qolib, jinoiy harakatini davob ettiradi.
Sudlanuvchi Nilufar Ravshanova sud majlisida aybiga to`liq iqror bo`lib, quyidagilarni ma`lum qildi:
— “Instagram”da rossiyalik “Nikolay” ismli bolaning bosh miya o`simtasi kasalligi bilan kasallanganligi uchun uning ota-onasi tomonidan ushbu bolani davolash maqsadida ma`lum miqdordagi pul mablag`lari so`rab, murojaat qilgan e`lonini ko`rib qoldim. E`lonni o`qigach, menda shu yo`l bilan pul topish fikri tug`ildi. Shundan keyin “Nikolay” ismli bolaning rasmlarini ko`chirib olib, suratlar ostiga “Karimov Alijon 22.11.2016. O`tkir promelotsitik leykemiya kasalligiga chalingan. Doktor bilan hisob kitob qilindi, 10.000 AQSh dollari ketishini ma`lum bo`ldi. Kunlik muolaja xarajatlari 3.000.000 so`m atrofida. Siz aziz saxovatpesha xalqimizdan yordam so`rab, murojaat qilyapmiz. Kimning qurbi etsa, ozmi-ko`pmi, shu jajji bolajondan yordamlaringni ayamasanglar. Etarli mablag` yig`ilmasa, bola nobud bo`lishi mumkin. Bizlardan qaytmasa, Allohdan qaytsin, yaxshi insonlardan Alloh rozi bo`lsin”, degan yozuvlarni yozdim. Tagiga o`zimga tegishli bo`lgan plastik karta raqamlarini qo`yib, bir necha telegram guruhlariga tarqatib yubordim. Shundan so`ng plastik kartamga menga noma`lum bo`lgan shaxslar tomonidan pullar kelib tusha boshladi. Bundan tashqari, telegramdagi guruhlarda yana ikki nafar bemor bola uchun pul mablag`lari yig`ilayotgan e`lonlarni ko`rib qoldim. Ushbu bolalarning rasmlari, kasallik tarixidan ko`chirmalarni hamda e`lon ostida yordam so`ralgan mazmundagi yozuvlarni ko`chirib olib, ushbu e`lon tagiga o`zimning bank plastik karta raqamini qo`ydim. Ushbu e`lonlarni ham telegramdagi guruhlarga tarqatib yubordim. Keyinchalik men tarqatgan e`lonlar boshqalar tomonidan ham har xil guruhlarga tarqaldi. Mazkur plastik kartaga kelib tushgan jami 1.500.000 so`m pullarni naqdlashtirib, “Insulin” dorisini sotib olib, o`zimni davolash uchun sarfladim. Chunki 15 yildan buyon “Qandli diabet” tashxisi bilan davolanib, doimiy ravishda insulin dorisi qabul qilib kelaman. Hozirda kartadan echib olgan 1.500.000 so`m pullarni jabrlanuvchilarga to`liq qaytardim. Mazkur jinoyatni bir o`zim sodir etdim, sheriklarim yo`q. Qilgan ishimdan pushaymonman, boshqa bunday holat takrorlanmaydi. Talaba ekanligimni, oilaviy va moddiy sharoitimni inobatga olib, menga nisbatan engilroq jazo tayinlashingizni so`rayman.
Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 3-qismining “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga nisbatan ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.






