Toshkentda “Skeyt O`zbekiston” assosiasiyasini ta`sis etish bo`yicha Konferensiya bo`lib o`tdi. Unda soha mutaxassislari, “Skeyt O`zbekiston” assosiasiyasini tashkil etish bo`yicha tashabbuskorlar guruhi va Milliy olimpiya qo`mitasi vakillari ishtirok etishdi.
Konferensiyada quyidagi masalalar ko`rildi:
“Skeyt O`zbekiston” assosiasiyasi nomi bilan yangi sport tashkilotini tuzish;
“Skeyt O`zbekiston” assosiasiyasining Nizomini tasdiqlash;
“Skeyt O`zbekiston” assosiasiyasining raisi, o`rinbosarlari va bosh kotibini saylash.
Konferensiyada “Skeyt O`zbekiston” assosiasiyasi raisi etib, bir ovozdan Aziz Ahmedov hamda bosh kotib lavozimiga Kamol Usmonov saylandi.
Tadbirning ahamiyatli jihati shundaki, ushbu assosiasiyaning tashkil etilishi yangi O`zbekiston yoshlari uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi, ya`ni, endi skeytbording va roller sport turlari bo`yicha yoshlarimizda nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirok etish imkoniyati paydo bo`lib, mamlakatimizda ushbu sport turlariga ixtisoslashgan zamonaviy inshoatlarni barpo etishga zamin yaratiladi.
Bugungi kunda jahonning “World Skate” assosiasiyasi bilan hamkorlik ishlari yo`lga qo`yilgan bo`lib, ushbu sport turini O`zbekistonda rivojlatirish hamda sportchilarimizni nufuzli xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik ko`rishi va ishtirok etishi uchun muzokaralar olib borilmoqda.
Shuningdek, konferensiyada yangi tashkil etilayotgan assosiasiya oldida turgan masalalar hamda istiqbolli rejalar yuzasidan kelishib olindi.
Ma`lumot uchun: “Skeyt O`zbekiston” assosiasiyasi quyidagi sport turlarini o`z ichiga oladi:
Skeytbording,
Rollerda konkida uchish,
Rollerda figurali uchish,
Rollerda yuqori tezlik,
Rolikli konkida erkin uslub, shuningdek, erkin slalom,
Rollerda xokkey,
Roller derbi,
Skuter, shuningdek, erkin skuter.
Yuqorida ko`rsatilgan sport turlari jahonning “World Skate” assosiasiyasi tarkibiga kiritilgan bo`lib, bugungi kunda 160 dan ortiq davlatda federasiya va assosiasiyalar faoliyat olib bormoqda.
Skeytbordingning Vatani AQSh hisoblanib, hozirda «American Sports Data» ma`lumotiga ko`ra, dunyo bo`yicha 23 milliondan ortiq yoshlar skeytbording va roller sport turlari bilan muntazam shug`ullanib kelishmoqda.
2021-yilda skeytbordingning ikki yo`nalish bo`yicha Tokio-2020 yozgi Olimpiya o`yinlari musobaqalari o`tkazildi. Ushbu sport turi 2024-yilda Parijda bo`lib o`tadigan yozgi Olimpiya o`yinlari dasturiga kiritilgan.
Shuningdek, o`zbekistonlik skeytbordchilar uchun Parij-2024 olimpiadasiga 12ta lisenziya olish imkoniyati mavjud.






