AsosiySport

“Parij-2024 Olimpiadasiga kamida 12 ta yo`llanma va 1 ta medal rejalashtirganmiz” – O`zbekiston engil atletika federasiyasi raisi

'“Parij-2024 Olimpiadasiga kamida 12 ta yo`llanma va 1 ta medal rejalashtirganmiz” – O`zbekiston engil atletika federasiyasi raisi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo`lib o`tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o`yinlariga O`zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to`g`risida”gi Qarorida ko`rsatilgan vazifalar ijrosini ta`minlash yuzasidan O`zbekiston engil atletika federasiyasi bilan yig`ilish o`tkazildi. 

Unda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, Turizm va sport vaziri o`rinbosari Avaz Karimov, MOQ raisi o`rinbosari Sherzod Tashmatov, Andrey Abduvaliev boshchiligidagi O`zbekiston engil atletika federasiyasi mutasaddilari, sportchi va murabbiylar ishtirok etishdi.

Dastavval Andrey Abduvaliev Tokio-2020 davri hisoboti va Parij-2024 siklida tayyorgarlik rejalari bilan bo`lishdi.

“Bu gal o`z oldimizga katta maqsadlar qo`yganmiz. Parij-2024 Olimpiadasiga 12 tadan kam bo`lmagan yo`llanma va unda 1 ta medal olishni rejalashtirganmiz. Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan qaror biz uchun dasturul amal bo`lib xizmat qiladi. Shuningdek, har 3-6 oy muddatda sportchilarimizning natijalarini, ulardagi har qanday o`zgarishlarni nazorat qilib boramiz”, – dedi O`zbekiston engil atletika federasiyasi raisi.

Shuningdek, Rustam Shoabdurahmonov ham bu boradagi fikrlari bilan quyidagicha o`rtoqlashdi:

“Parij Olimpiadasiga tayyorgarlik Tokiodagi bilan butunlay farq qiladi. Hamkasblarimiz bilan o`tgan Olimpiadani batafsil tahlil qilib chiqdik. Davlatimiz rahbari Parij-2024ga tayyorgarlikda ham bizni qo`llab-quvvatlamoqdalar. Biz esa bunga yuqori natijalarimiz bilan munosib javob berishimiz kerak”.

Yig`ilish davomida terma jamoa bosh murabbiyi Go`zal Hubbieva Parij Olimpiadasiga da`vogar barcha sportchilarimiz, ularning shaxsiy rekordi va yangi siklda ularga qo`yilgan vazifa haqida ma`lumot berdi. MOQ rahbari nomlari ko`rsatib o`tilgan barcha atletlarimiz va ularning murabbiylari bilan birma-bir suhbatlashib, bu boradagi reja va maqsadlari xususidagi savollariga javob oldi. O`z navbatida, barcha sportchilarimiz qo`yilgan maqsadga erishishlari uchun bor kuchlari bilan harakat qilishga va vazifani bajarishga va`da berishdi.

 

    Boshqa yangiliklar