AsosiyJamiyat

2022 yil uchun Byudjet loyihasi Oliy Majlisga qachon kiritiladi?

'2022 yil uchun Byudjet loyihasi Oliy Majlisga qachon kiritiladi?'ning rasmi

Byudjet kodeksining 97-moddasiga asosan, Davlat byudjeti to`g`risidagi qonun loyihasi va byudjetnoma Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oliy Majlis palatalariga, qoida tariqasida, joriy yilning 15 oktyabridan kechiktirmay kiritilishi belgilangan. Lekin 2021 yil 9-noyabr holatiga, ya`ni belgilangan muddatdan 25 kun o`tgan bo`lsada, byudjet loyihasi va byudjetnoma Qonunchilik palatasiga kiritilgani yo`q. Bu haqda Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G`aniev yozmoqda. 

"Shuningdek, Byudjet kodeksiga o`tgan yili kiritilgan o`zgartirishlarga asosan, kelgusi yil uchun yangilangan o`rta muddatli davr fiskal strategiyasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yilning 15 iyuniga qadar tasdiqlanishi va tasdiqlangan fiskal srtategiya ma`lumot uchun Oliy Majlis palatalariga taqdim etilishi hamda jamoatchilik uchun Moliya vazirligi veb-saytida e`lon qilinishi belgilangan.  

Belgilangan muddatdan deyarli 5 oy o`tgan bo`lsada, o`rta muddatli fiskal strategiya na Oliy Majlis palatalariga kiritilgan, na Moliya vazirligi veb-saytida e`lon qilingan. O`zi umuman 2022 yil uchun yangilangan fiskal strategiya Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilganmi yoki yo`q, bu ham noma`lum.

To`g`ri, bu yil mamlakat prezidentligiga saylov o`tkazilganligi va g`olib nomzod tomonidan saylovoldi dasturda ilgari surilgan masala va rejalar yangi byudjet loyihasida o`z aksini topishi nuqtai nazaridan 2022 yil uchun byudjet loyihasini ishlab chiqish kechikishi tabiiy hol.  

Lekin shunga qaramay, byudjet loyihasini Oliy Majlis palatalari tomonidan ko`rib chiqilishi uchun ham etarlicha vaqt berilishi kerak. Garchi amalda deputatlar byudjet loyihasi parametrlariga jiddiy o`zgartirish yoki qo`shimcha kiritolmasalarda, lekin byudjet muhokamasi uchun byudket kodeksida belgilangandek, qoida tariqasida, Qonunchilik palatasiga ham kamida bir oy muddat qoldirilishi kerak.  

Umid qilamanki, byudjetnomani kiritishda kechikilgan vaqt uni Oliy Majlis palatalarida ko`rib chiqiladigan muddatni qisqartirish hisobiga qoplanmaydi", - deya o`z mulohazalarini bildirgan deputat. 

    Boshqa yangiliklar