“Sog`lom turmush tarzi” platformasidan foydalanuvchilar bugungi kunda 600 ming nafarga etib, ularga har 10 ming qadam yurgani uchun 18 milliard so`m to`lab berilgan. Kelgusi yilda esa targ`ibot ishlarini kuchaytarish va platformadan foydalanuvchilar ko`lamini yanada kengaytirishga Moliya vazirligi qo`shimcha 60 milliard so`m ajratadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoev ishtirokida bo`lib o`tayotgan videoselektor yig`ilishida ma`lum qilindi, deya xabar bermoqda "Darakchi" muxbiri Sardorbek Rahmonqulov.
“Yurak-qon tomir kasalliklarning oldini olish yo`li bu– albatta sog`lom turmush tarzi hisoblanadi. Misol uchun, agar 40 yoshdan oshganlar kuniga 7-8 ming qadam yursa, yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish 20 foizga kamayishi, nufuzli xalqaro ilmiy tashkilotlar tomonidan isbotlangan. Endi, sog`lom turmush tarzini targ`ib etishda har yili eng namunali mahallalarni tanlab, ularga zamonaviy fitnes ko`chalarini barpo etish uchun, 100 milliard so`m ajratamiz”, dedi davlat rahbari.






