AsosiyJamiyat

Prezident kardiologiya sohasidagi kamchiliklarni birma-bir sanab, ularni bartaraf qilish topshiriqlarini berdi

'Prezident kardiologiya sohasidagi kamchiliklarni birma-bir sanab, ularni bartaraf qilish topshiriqlarini berdi'ning rasmi

Ayni paytda prezident Shavkat Mirziyoev ishtirokida aholi salomatligini ta`minlashdagi eng muhim sohalardan biri bo`lgan kardiologiya yo`nalishi masalalariga qaratilgan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tmoqda. “Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulovning yig`ilishidan ma`lum qilishicha, davlat rahbari mazkur yo`nalishda kamchiliklarni sanab, ularni bartaraf qilish bo`yicha mas`ullarga bir qator topshiriqlar berdi. 

Yig`ilishda keltirilishicha:

  • 30-70 yoshdagi aholi o`rtasida o`lim holatlarining 53 foizi hanuzgacha yurak-qon tomir kasalliklariga to`g`ri kelmoqda (dunyoda 31 foiz);
  • so`nggi besh yilda yurak-qon tomir kasalliklari 20 foizga (330 ming nafar), hatto yoshlar orasida ham ko`paygan;
  • 40 yoshdan yuqori aholining 20-25 foizida gipertoniya alomatlari mavjud bo`lib, rasmiy kasallar sonidan 4-5 barobar yuqori;
  • respublika bo`yicha 4 millionga yaqin aholi orasida yurak-qon tomir kasalliklari aniqlangan bo`lib, umumiy aholining 12 foizini tashkil etadi.

Hududlar kesimida olinsa:

  • bunday kasalliklarga chalingan aholi soni Namanganda – 18 foiz (450 ming nafar), Farg`onada – 17 foiz (600 ming), Buxoroda – 14 foiz (230 ming), Qashqadaryoda – 13 foiz (470 ming) tashkil etib, respublika ko`rsatkichidan yuqori;
  • Toshkent shahri, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatlarida yurak-qon tomir kasalliklarining og`ir asoratlari, qolgan hududlarga nisbatan baland;
  • Kardiologiya markazining Buxoro, Farg`ona va Toshkent viloyatlaridagi filiallarda angiografiya uskunasi bo`lmagani bois, stendlash amaliyoti yo`lga qo`yilmagani oqibatida, ushbu hududlardan respublika markazlariga 1,5 ming nafar bemor murojaat qilgan.

Bir narsani aniq tushunib olish lozim. Agar birlamchi bo`g`inda kasalliklar va ushbu kasalliklarga moyilligi bor aholini aniqlash ishlari to`g`ri yo`lga qo`yilsa, mazkur raqamlar ancha ko`proq bo`ladi, bu ham haqiqat”, dedi prezident.

Yurak-qon tomir kasalliklarini erta aniqlash va oldini olish maqsadida:

- kelgusi yildan 40 yoshdan oshgan barcha aholi (10 million nafar) oilaviy poliklinika va tibbiy brigadalar orqali, yiliga kamida bir marta manzilli skiringdan o`tkaziladi;

- tuman laboratoriyalari koagulometr va zarur reaktivlar bilan ta`minlanadi;

- yurak-qon tomir kasalliklar aniqlangan aholining yagona elektron reestri yuritiladi;

- yurak-qon tomir kasalliklari uchun enalapril kabi dorilar doimiy ravishda 200 mingdan ziyod ehtiyojmand aholiga bepul tarqatiladi;

- tuman hokimlari har bir mahallada “gipertoniya salomatlik maktablari”ni tashkil etadi.

- oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalarda hamshiralarning vazifalari ham qayta ko`rib chiqilib, ularning funksiyalari kengaytiriladi.

Bu maqsadlar uchun, kelgusi yilda har bir tumanga 350 million so`mdan, jami 70 milliard so`m ajratiladi.

Umuman, birlamchi bo`g`inga dori va tibbiy buyumlar uchun kelgusi yilda byudjetdan 580 milliard so`m beriladi (bu – joriy yil xarajatlaridan 3 barobar ko`p). Shuningdek, sohadagi shifokorlar va hamshiralar ham mazkur yo`nalish bo`yicha qayta o`qitiladi.

    Boshqa yangiliklar