O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Istanbul shahrida o`tkaziladigan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdagi sammitida ishtirok etish uchun 11-12 noyabr kunlari Turkiya Respublikasida tashrif bilan bo`ladi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bo`lajak oliy darajadagi uchrashuv kun tartibidan Kengash doirasidagi ko`p qirrali munosabatlarni, eng avvalo, savdo, investisiyalar, “yashil” iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, transport va kommunikasiyalar, madaniy-gumanitar almashinuv sohalaridagi aloqalarni kengaytirish masalalari o`rin olgan. Tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari ham ko`rib chiqiladi.
Sammit yakunida hamkorlik samaradorligini oshirish va ustuvor yo`nalishlarda ko`p tomonlama sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan qo`shma hujjatlar qabul qilinishi kutilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashrifi dasturida Istanbul shahrida qator ikki tomonlama uchrashuvlar o`tkazilishi ham ko`zda tutilgan.
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi 2009 yilda ushbu tuzilmaga a`zo mamlakatlar o`rtasidagi munosabatlarni har tomonlama mustahkamlash maqsadida tuzilgan.
Bugungi kunda Kengashga O`zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog`iston va Qirg`iziston a`zo. Mamlakatimiz tashkilotga 2019 yilda qo`shildi. Vengriya Turkiy kengashda kuzatuvchi maqomiga ega.






