AsosiySiyosat

Prezident davlat ob`ektlarini xususiylashtirish masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazdi

'Prezident davlat ob`ektlarini xususiylashtirish masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 8 noyabr kuni davlat ob`ektlarini xususiylashtirish masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazdi.

Iqtisodiyotda davlat ishtiroki kamaytirilib, xususiy tadbirkorlik rivojiga keng o`rin berilmoqda. 2021-2022 yillarda davlat ulushi bo`lgan korxonalar sonini kamida 3 barobar qisqartirish rejalashtirilgan. Joriy yilda 4 trillion 500 milliard so`mlik 619 ta davlat aktivi sotilgan.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish marosimida Shavkat Mirziyoev davlat korxonalarini transformasiya qilish va xususiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish iqtisodiyotni isloh etishning ustuvor vazifalaridan biri bo`lishini aytgan edi.

Yig`ilishda shu borada amalga oshirilishi lozim bo`lgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. 

Davlatimiz rahbari xususiylashtirishning yangi usullarini joriy etish va uning barcha bosqichlarida ochiq-oshkoralikni ta`minlash eng asosiy masala ekanini ta`kidladi.

Xususiylashtirilayotgan korxonalarning moliyaviy barqarorligi va investision jozibadorligini oshirish muhimligi qayd etildi. Shu maqsadda, nufuzli xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda, yirik tarmoq korxonalarini xususiylashtirish strategiyasini ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.

Shuningdek, strategik korxonalar boshqaruviga xalqaro malakaga ega menejerlarni jalb qilish zarurligi aytildi. Qiymati 10 million dollardan yuqori bo`lgan aktivlarni sotish jarayonida takliflarni qabul qilish va ularni baholash mustaqil xorijiy konsultant tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

Sohada kelgusi yilga mo`ljallangan vazifalar ham ko`p. Jumladan, 32 ta yirik davlat aktivini sotish, “O`zsanoatqurilishbank”ni xususiylashtirish, davlat korxonalarining 368 ta nosohaviy va samarasiz aktivlarini savdoga chiqarish rejalashtirilgan. Hududlarda 770 ta aktiv sotishga tayyorlangan. Bular orqali byudjetga qariyb 10 trillion so`m tushum ta`minlanishi ko`zda tutilgan. Mutasaddilarga shu boradagi ishlarni jadallashtirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Prezidentimiz davlat korxonalariga strategik investorlarni jalb qilish, faqat mavjud quvvatlarni ishlatish bilan cheklanmasdan, korxonalar faoliyatini kengaytirish zarurligini ta`kidladi.

Misol uchun, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati negizida uchta alohida korxona tashkil etgan holda, “kimyo sanoati klasteri” faoliyati yo`lga qo`yilmoqda. Bu klaster infratuzilmasini boshqarish uchun tajribali xususiy operator jalb qilinadi.

Davlatimiz rahbari investorlar sarmoya kiritish bilan birga yangi loyihalar taklif qilishi, zamonaviy bilim va texnologiyalarni olib kelishi muhimligini ta`kidladi.

Mutasaddilarga, shularni inobatga olgan holda, 2022 yil uchun xususiylashtirish dasturini ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.

    Boshqa yangiliklar