Mana uchinchi yildirki ko`hna va navqiron Samarqand shahrida Madaniyat vazirligi huzuridagi madaniyat va san`atni rivojlantirish jamg`armasi Turizm va sport vazirligi hamda Samarqand viloyati va Samarqand shahri hokimliklari bilan hamkorlikda Samarkand Half Marathon ommaviy sport tadbirini tashkil etib kelinmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadi – O`zbekistonda joylashgan madaniyat va san`at ob`ektlarida inkluzivlik muammosiga jamoatchilik e`tiborini jalb qilish, shuningdek, sog`lom turmush tarzini ommalashtirish va O`zbekistonda sport turizmini rivojlantirishdan iborat.
Yarim marafondan kelib tushgan mablag`lar imkoniyati cheklangan shaxslarni madaniyat muassasalariga ishga joylashtirish uchun xayriya maqsadida sarflanadi, deya ma`lumot bermoqda Turiz va sport vazirligi.
O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov tashkil etilgan marafon borasidagi fiklarini aytdi.
"Mana 3 yildirki, madaniyat va san`atni rivojlantirish jamg`armasi hamda Turizm va sport vazirligi birgalikda Samarkand Half Marathon tadbirini katta tayyorgarlik bilan o`tkazib kelmoqda. Shu yillar mobaynida ko`plab madaniy, ma`naviy va sport yo`nalishlari bo`yicha aholi turmush tarziga ijobiy ta`sir ko`rsatuvchi loyihalarni hamkorlikda amalga oshirdik. Bugungi kunda mamlakatimiz yoshlari orasida faol turmush tarzi tobora ommalashib bormoqda.
Samarkand Half Marathon loyihasi yurtimizdagi eng yirik sport tadbirlaridan biridir. Mamlakatimiz bo`ylab hajmi va qamrovi bo`yicha ushbu tadbirga teng keladigan boshqa sport va madaniyat tadbiri mavjud emas. Samarkand Half Marathon yildan-yilga yurtdoshlarimiz va chet ellik mehmonlar orasida ommalashib bormoqda. Bugungi kunda hech qanday mubolag`asiz, ushbu yarim marafon sport yo`nalishi bo`yicha taniqli brendga aylandi, deya olaman. Uning obro`si va ko`lami yildan-yilga oshib bormoqda. Aynan shunday xayriya tadbirlari imkoniyati cheklangan shaxslarni keng jamoatchilikka chuqurroq kirib borishiga yordam beradi",-deydi Bosh vazir o`rinbosari.
Shuningdek, Madaniyat va san`atni rivojlantirish jamg`armasi kengashi raisining o`rinbosari Saida Mirziyoeva ham ushbu jarayon o`ta muhumligini ta`kidlaydi.
"Samarqand yarim marafoni – har yili o`z ko`lamini kengaytirib borayotgan xalqaro xayriya musobaqasi hisoblanadi. Samarkand Half Marathon o`zining professional tayyorgarligi, keng doirasi va yuqori maqsadlarga sodiqligi bilan muhimdir. Bu yilgi xayriya tadbirimizdan kelib tushadigan barcha mablag`lar imkoniyati cheklangan shaxslarni butun mamlakat bo`ylab madaniyat muassasalariga ishga joylashtirishga yo`naltiriladi. Ushbu tadbir mamlakatimizning turli hududlari va chet eldan kelgan ishtirokchilarni ham jalb qilganidan xursandmiz",-deydi Saida Mirziyoeva.
Ma`lumot uchun, tashkil etilgan ommaviy yugurish marafonida jami 2 500 nafar ishtirokchi qatnashdi. Unda dunyoning 29 ta davlatidan vakillar ishtirok etib, 2 km, 10 km va yarim marafon masofalarida o`z kuchlarini sinab ko`rishdi.






