Prezidentimiz mamlakatimizdagi mavjud resurs va imkoniyatlarni safarbar etgan holda aholi jon boshiga to`g`ri keladigan yalpi ichki mahsulot hajmini yanada oshirish maqsad qilinganini qayd etdi:
– Nasib etsa, 2030 yilga borib, O`zbekiston jon boshiga hisoblaganda, aholi daromadlari o`rtacha ko`rsatkichdan yuqori bo`lgan davlatlar qatoridan o`rin egallaydi. Bunga, avvalo, xususiy sektorni rag`batlantirish va uning ulushini oshirish hamda to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni jalb etish hisobidan erishish ko`zda tutilmoqda.
Jumladan, “xom ashyodan – tayyor mahsulotgacha” degan tamoyil asosida drayver sohalarda klaster tizimini rivojlantiramiz. Iqtisodiyotda yuqori o`sish sur`atlariga erishish uchun, avvalo, makroiqtisodiy barqarorlikni ta`minlab, inflyasiya darajasini belgilangan 5 foizgacha pasaytirish choralari amalga oshiriladi.
Shuningdek, byudjet va tashqi qarz barqarorligini ta`minlash, mahalliy byudjetlarning imkoniyatlarini kengaytirishga birinchi darajali e`tibor qaratiladi.
Tadbirkorlik faoliyatini yanada qo`llab-quvvatlash, soliq yukini kamaytirish, hammaga teng bo`lgan biznes muhitini va zarur infratuzilma yaratish bo`yicha boshlagan islohotlar qat`iy davom ettirilishi ta`kidlandi.






