Kecha, 5 noyabr kuni Germaniya kansleri Angela Merkel siyosatdagi ulkan yutuqlari uchun Valter Ratenau nomidagi mukofot bilan taqdirlandi.
Kanslerga mukofotni avstraliyalik tarixchi Kristofer Klark topshirdi.
Mukofot Valter Ratenau — nemis siyosatchisi, sanoatchi, Veymar Respublikasining tashqi ishlar vaziri sharafiga ta`sis etilgan. Bugunga qadar ushbu faxriy nishon bilan Shimon Peres, Xillari Klinton, Donald Tusk kabi siyosatchilar taqdirlangan.
Angela Merkel 2005 yildan buyon Germaniya kansleri bo`lib faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, u Xristian Demokratik Ittifoqi (CDU) rahbari bo`lgan. 2018 yilning dekabrida Merkel 2021 yilda vakolat muddati tugaganidan keyin siyosatdan ketishini va Bundestagga saylovlarda qatnashmasligini ma`lum qilgan edi. Kansler o`z qarorini yosh siyosiy liderlarga imkoniyat berishni xohlayotgani bilan izohlagandi.
26 oktabr kuni Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmaer Merkelga iste`foga chiqish to`g`risida bildirishnoma topshirgan. U GFR yangi vazirlar mahkamasi shakllanmaguncha o`z faoliyatini davom ettiradi.
Risolat MAXSIMOVA tayyorladi






