Xabaringiz bor, 4 noyabr kuni O`zbekiston hududiga sovuq havo oqimi kirib keldi. Shu bilan birga ba`zi tumanlarda g`ayrioddiy qum bo`roni kuzatildi.
Shu o`rinda, Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzaev bunday changli ob-havo barchani tashvishga solish kerakligini aytib, aholini birdamlikka chaqirdi.
"Kechadan buyon kuzatilayotgan g`ayrioddiy chang-qumli bo`ron har bir rahbarni, har bir yurt fuqarosini tashvishga solishi kerak",-deydi hokim.
"Prezidentimiz 2 noyabr kuni o`tkazgan yig`ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasiga start berganliklari ham bejiz emas.
Iqlim o`zgarishi 2000 yillardan so`ng ko`plab davlatlarni tashvishga solgan bo`lsa, oxirgi 10 yillikda butun dunyo davlatlarining tashvishiga aylandi.
Bu kabi sinovli kunlar har daqiqani qadriga etishga, ona tabiatni asrashga undaydi. Bu kabi ishlar viloyatimizda boshlab yuborildi. Ammo, bu ishlar bahor oylarigacha davom etishi, insoniyatga foyda keltiradigan darajada makonimizni yashillikka burkash tarafdoriman.
Shu munosabat bilan, viloyatimizdagi barcha rahbarlarni, tadbirkorlarni, keksa-yu yoshni, faol va mas`uliyatli fuqarolarni ushbu umummilliy loyiha atrofida birlashishga, ko`chalar, ko`p qavatli uylar atrofi va hovlisiga daraxt ko`chatlari ekishga chaqiraman.
Bu kabi ezgu ishlar faqat va faqat kelajakda turli kasalliklarni oldi olinishiga, farzandlarimiz sog`lom bo`lishiga xizmat qilishiga ishonaman"-deydi Zoyir Mirzaev.






