Ijtimoiy tarmoqlarda "Toshkent shahrida GAI, haydovchini yuziga hujjatlarni otib ketib qoldi" sarlavhasi ostida video tarqalgan edi. Ichki ishlar vazirligi Yo`l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi holat yuzasidan ma`lumot berdi.
Xabarga ko`ra, 3 noyabr kuni soat 19:50 larda Shayxontohur tumani, "A.Navoiy-Labzak" ko`chalari kesishgan chorrahada xizmat olib borayotgan YPX xodimi B.Sadikov tomonidan "Matiz" rusumli avtomobil haydovchisi piyodalarga yo`l bermaganligi bois to`htatilgan. O`zaro muloqot vaqtida haydovchi e`tirozlari borligini aytgan. Videoda xodim hujjatlarni haydovchining qo`liga bermay avtomobil saloniga tashlab, ketib qolganligi aks etgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas`ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o`tkazilmoqda.
Tekshiruv davomida videoda aks etgan barcha holatlarga hamda YPX xodimining xatti-harakatiga huquqiy baho beriladi.
Yuqoridagi holat yuzasidan, joriy yilning 4 noyabr kuni haydovchining qoidabuzarligi isbotlanib, unga nisbatan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.






