AsosiyJamiyat

Chirchiq shahar hokimligi matbuot kotibi bilan mehnat munosabatlarini davom ettirish mumkin emas — AOKA

'Chirchiq shahar hokimligi matbuot kotibi bilan mehnat munosabatlarini davom ettirish mumkin emas  — AOKA'ning rasmi

Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi Chirchiq shahar hokimligi matbuot kotibi F.Qodirov bilan bog`liq holatlar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Qayd etilishicha, Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi o`z vakolatlari doirasida davlat organlari matbuot kotiblari faoliyatini nazorat qiladi va baholaydi. Matbuot kotiblarining asosiy vazifalaridan biri — davlat organlarida olib borilayotgan ishlar to`g`risida jamoatchilikni o`z vaqtida va to`liq xabardor qilishdan iboratdir.

Biroq ayrim matbuot kotiblari o`z vazifalarini bajarish o`rniga, faoliyatiga aloqador bo`lmagan ishlar bilan shug`ullanib, davlat xizmatchisining axloqiy me`yorlariga to`g`ri kelmaydigan holatlarga yo`l qo`yayotgani ham kuzatilmoqda. 

Xususan, kuni kecha Chirchiq shahar hokimligi matbuot kotibi F.Qodirov ijtimoiy tarmoqlardagi ommaviy munozara paytida davlat xizmatchisining maqomiga xos bo`lmagan tarzda o`z fikrini noto`g`ri shaklda bildirib, muloqot madaniyatining umumqabul qilingan me`yorlarini buzgan. U muloqot davomida qo`pol so`zlar ishlatgan, bu holat, o`z navbatida, jamoatchilik e`tiroziga sabab bo`lgan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Chirchiq shahar hokimligi matbuot kotibi bilan mehnat munosabatlarini davom ettirish mumkin emas, degan qarorga kelgan. Chunki u o`z xatti-harakatlari bilan davlat xizmatchisining axloqiy me`yorlari va kodeksini buzgan, shuningdek, o`z faoliyatida muloqot madaniyati me`yorlariga rioya qilmagan.

Agentlik barcha matbuot kotiblarini so`zga mas`uliyatli bo`lish, o`z vazifalariga jiddiy yondashish, shuningdek, aholi so`rovlariga tezkorlik bilan javob berishga chaqiradi, deyilgan AOKA bayonotida.

 

    Boshqa yangiliklar