Ayrim yoshlarning haydovchilikka tayyorlash kurslarida o`qish xarajatlari qoplab beriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qo`llab-quvvatlashning qo`shimcha chora-tadbirlari to`g`risida”gi Hukumat qarori (617-son, 2021 yil 4 oktyabr) qabul qilindi.
Qaror bilan “Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchalari va oilaviy bolalar uylarida tarbiyalangan hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo`llab-quvvatlashga doir quyidagi vaqtinchalik tartiblar tasdiqlandi:
➖ ushbu yoshlarga avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash kurslarida o`qish xarajatlarini kompensasiya qilishi bo`yicha – BHMning 4 baravarigacha kompensasiya beriladi;
➖ safarbarlik chaqiruvchi rezervidagi xizmatni o`tash badalini qoplash bo`yicha.
Shuningdek, xususiy tashkilotlarga ishga qabul qilingan, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni kasbga qayta tayyorlash kurslarida o`qitish xarajatlarini kompensasiya qilish bo`yicha vaqtinchalik tartib tasdiqlandi.
Bunda mazkur xarajatlarning 50 foizi kompensasiya qilinishi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, qaror bilan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning xorijiy tillar va umumta`lim fanlari bo`yicha nodavlat ta`lim tashkilotlarida o`qish xarajatlarining bir qismini hamda ular bo`yicha milliy sertifikatlar olish uchun o`tkaziladigan imtihonlarni topshirish xarajatlarini qoplab berish tartibi belgilandi.






