Avval xabar qilinganidek, kecha, 3 oktyabr kuni soat 22:13 da poytaxtning Chilonzor tumanining ettinchi kvartalida joylashgan 59-uyda gazdan portlash sodir bo`ldi.
Holat yuzasidan FVV taqdim etgan dastlabki ma`lumotlariga ko`ra, qurbonlar yo`q, 17 nafar uyi shikastlangan fuqarolar vaqtinchalik mehmonxonaga joylashtirilgan.
"Hududgaz" izohiga ko`ra, bu uy qurilishi hali yakunlanmagan bo`lgan va foydalanishga topshirilmagan.
«Uy qurilishi hali tugallanmaganligi va yangi bino foydalanishga topshirilmaganligi sababli, gaz ta`minoti tashkilotlari tomonidan gazni ulashga ruxsat berilmagan. Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, xonadon egasi uyni gazlashtirish bo`yicha payvandlash ishlarini olib borish uchun payvandchini jalb qilgan va gaz ta`minoti tizimiga o`zboshimchalik bilan ulangan», deyiladi ma`lumotda.
Ayni paytda Toshkent shahar IIBB hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilgani haqida xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, holat bo`yicha Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi «b» bandi («Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish») bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atildi. Tekshiruv olib borilmoqda.






