AsosiyJamiyat

Ot sporti bo`yicha xalqaro musobaqalarda hamyurtlarimiz g`alaba qozondi

Avval xabar qilganimizdek, 25-27 mart kunlari Toshkent viloyati Bo`stonliq tumanidagi “Allyur” ot sporti klubida 1998-2004 yilda tug`ilgan bolalar va o`smirlar o`rtasida konkur (to`siqlarni  oshib o`tish)  bo`yicha xalqaro musobaqalar bo`lib o`tdi. Mazkur ochiq turnirda  O`zbekiston, Rossiya, Germaniya, Qozog`iston va Qirg`izistondan yosh sportchilar ishtirok etishdi. 

27 mart kuni  mazkur turnir doirasida “gran-pri” hamda O`zbekiston ot sporti federesiyasi raisi kubogi musobaqalari bo`lib o`tdi. Ishtirokchilar 125 santimertli to`siqlarni oshib o`tish bo`yicha kuch sinashdilar. Ushbu bahslarda ham hamyurtlarimizning qo`li baland keldi. O`zining “Eshton Valley” laqabli otida belgilangan masofani 42 soniyada bosib o`tgan Abdulaziz Sobirjonov birinchilikni qo`lga kiritdi. Ikkinchi o`rin “Chikan” laqabli tulporida 38 soniyada etib kelgan Abdurahmon Abdullaevga nasib etdi. “Navro`z” laqabli oti bilan 37 soniyalik natija qayd etgan Nodir Mirsaidov shohsupaning uchinchi pog`onasidan joy oldi. 

O`zbekiston Ot sporti federasiyasi raisi kubogi bellashuvlari ham yosh chavandozlarimizning mutlaq g`alabasi bilan yakunlandi. Unda barcha to`siqlarni 56 soniyada bexato oshib o`tgan Abdushukur Sobirjonov birinchilikni qo`lga kiritdi. Marraga 64 soniyada etib kelgan A`zam Rahmatov ikkinchi, 65 soniyada marrani zabt etgan Muhammadsodiq Karimberdiev esa, uchinchi o`ringa loyiq ko`rildi. 

Musobaqalar yakunida g`olib va ishtirokchilarga diplom va medallar, qimmatbaho sovg`alar topshirildi.

    Boshqa yangiliklar