AsosiyShou-biznes

Alisher Fayz Shodiyora Omonovani elga tanitgani “Yolg`on ekan-ku”...

"Darakchi" gazetasining galdagi mehmoni “E`tirof-2014” taqdirlash marosimida g`oliblikni qo`lga kiritgan raqqosa Shodiyora OMONOVA...

1. Shodiyora, tarozi pallasiga ishtirokingizdagi xonanda Masrur Usmonovning kliplari va O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Alisher Fayzning “Yolg`on ekan-ku” qo`shig`iga ishlangan klipni qo`ysak, qay biri tosh bosadi?   

— Alisher Fayzning klipi. Ochig`i, “Yolg`on ekan-ku”ni tinglab ko`rib, “og`ir” qo`shiq ekan, qanday o`ynayman, deb hadiksiragandim. Holatga kirishim ham ancha vaqtni olgan. Qo`shiq “mag`zi”ni chaqqanimdan so`nggina uni his qilishni boshlaganman. Raqqosa sifatida ter to`kishga majbur qiladigan qo`shiq edi-da. Meni aynan shu qo`shiq xalqqa tanitishi xayolimga ham kelmagandi. Masrur Usmonovning kliplari meni raqqosa emas, aktrisa sifatida tanitgan xolos.         

2. “E`tirof” mukofotiga sazovor bo`ldingiz. “Bu mukofot menga munosib ravishda berildi”, degan fikrdamisiz yo hali ertamidi?

— Savollaringiz buncha qaltis? (O`ylanib) Nazarimda, “E`tirof”ga munosib edim! Nominasiyadagi har bir nomzod o`zini mukofotga loyiq ko`radi, bu haqiqat. Bu yil ikkinchi bor nomzodim qo`yilishi edi.       

3. O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutining ikkinchi bosqich magitsranti bo`lish bilan birga raqs faoliyatini ham to`xtatmayapsiz. Men ham magistrman, ish bilan o`qishni uddalash oson emasligini bilaman. Ilmiy ish yozishga vaqt ajratib, darslarga muntazam qatnaysizmi yo...    

— Yashirmayman, dars qoldirib turaman. Bilim jihatdan oqsab qolmaslik uchun imkon qadar talabalik vazifamni bajarishga harakat qilaman. Dissertasiya bo`yicha ilmiy rahbarim — professor Mansur Bekmurodov bo`sh vaqtimga qarab, men bilan shug`ullanadi. Shu sabab bu borada qiynalmayapman. Raqs bilan esa tunda shug`ullanaman.

4. Birinchi muhabbatingizning siz uchun kurashmaganiga sabab raqqosaligingiz emasmi?         

— Shu bilan bog`liq... Avvaliga ruhan cho`kib qolgandim. Keyinchalik bu menga “dars” bo`lganini angladim. Balki u insonning sevgisi uchun kurashmagani boisi atrofdagilarning har xil go`p-so`zlari og`ir botganidadir. Bilasizmi, har bir kasbning ijobiy va salbiy tomonlari bor. Lekin raqqosalik kasbi haqida noto`g`ri fikrda bo`lish bu — shunday o`ylovchilarning kamchiligi bo`lsa kerak.       

5. Oila qurganingizdan so`ng turmush o`rtog`ingiz yo qaynonangiz raqqosalik faoliyatini to`xtatishingizni talab qilishsa raqsdan osonlikcha kechib, tahsil olayotgan mutaxassisligingiz bo`yicha ishlayverasizmi?

— Meni tushunadigan inson uchrashini niyat qilaman. Bordiyu tanlov qo`yilsa, oilani tanlayman. Biroq raqssiz yashash qiyin bo`ladi. Asl mutaxassisligim bo`yicha ham ishlash rejam bor. Nasib etsa, doktorlik ishini ham yozmoqchiman.        

6. Mahorati sizdan ustun bo`lgan uchta tengdosh raqqosani sanab bering!

(O`ylanib) “O`zbekiston” raqs ansamblining raqqosasi Dilorom Madrahimova “texnik” mahorat, “plastika” bo`yicha mendan ustun. Boshqasini bilmayman (kuladi).     

7. Samandar Hamroqulov sizni “O`tkan kunlar” filmi qahramoni Kumushga o`xshatishini yashirmagandi. Yuzingizdagi xolingiz ko`pchilikning shunday fikrga kelishiga sabab. O`lmas Olloberganovning “Onam” klipida O`zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilovaning yoshligini ham ijro etdingiz. U kishiga taqlid qilganmisiz?    

— Yoshligimda juda havas bilan qarardim. Gulchehra opaning Kumushidagi milliylikka taqlid qilganman. Rolini ko`rib, men ham Kumushni ijro etgim kelardi. Hatto shu asardan ilhomlanib, “O`zbekchilikda milliy mentalitetimiz” nomli kitob yozganman. Tayyor holga kelganida esa “fleshka”mni yo`qotib qo`yib, so`ng bu ishga qaytib qo`l urmadim.   

8. San`at sohasida har bir ijodkorning o`z davri bo`ladi. Sizning davringiz qaysi raqqosaning davri tugashiga to`g`ri keldi?

(O`ta qaltis savol) bilmadim, javob berolmayman. Lekin fikringizga qo`shilaman, har bir ijodkorning o`z davri bo`ladi.   

9. Ketma-ket kliplarda suratga tushishingiz tomoshabin me`dasiga tegishi haqida o`ylaganmisiz yo bugun ekrandan tushmayotgan raqqoslar bilan kimo`zarga o`ynayapsizlarmi?   

— Me`daga tegib qolmayapmikanman, degan fikr doim meni o`ylantiradi, balki shunday bo`lgandir ham. Bu holatda yagona taskin har bir chiqishimda turfa xillikka e`tibor qarataman. Lekin kimo`zarga o`ynash xayolimga ham kelmagan.  

Maxsus savol!

10. PARIZODA, raqqosa: — “Instagram”dagi sahifalaringizda yozilgan salbiy fikrlarga ko`zim tushdi. Shaxsan men unday izohlarni o`chirib tashlayman. Boisi bu ham ijodkorni qaddini bukib qo`yadi. Lekin o`rinli tanqidlarni munosib qabul qilaman. Siz-chi, qanday yo`l tutasiz?    

— Kayfiyatim tushadi, lekin boshqa tarafdan xursand bo`laman. Chunki “mevali daraxtga tosh otiladi”, demak muxlislarning diqqat markzidaman. Salbiy fikrlardan o`zimga xulosa chiqarman. O`sha izohning yaxshi tomonini topishga harakat qilaman. Biroq ularga javob yozib, gap talashishni o`zimga ep ko`rmayman.      

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.

    Boshqa yangiliklar