AsosiyJamiyat

2015 yil oxiriga qadar 280 kilometr elektr tarmoqlari kapital ta`mirlanadi

Toshkent shahar hokimligida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali poytaxtimiz elektr energiyasi ta`minoti tizimini yanada rivojlantirish masalasiga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.

Unda “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” ochiq aksiyadorlik jamiyati va shahar hokimligi mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

“Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” ochiq aksiyadorlik jamiyati bosh muhandisi D.Saydullaevning so`zlariga ko`ra, ayni paytda poytaxtimizda 595 mingdan ortiq jismoniy va 18 mingdan ziyod yuridik shaxs elektr ta`minoti xizmatidan foydalanmoqda. Shu bois markazlashtirilgan elektr ta`minoti tarmoqlarini modernizasiya qilish, eskirgan kabel va simlarni almashtirish, kapital ta`mirlash borasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda eskirgan va ishdan chiqqan simlar elektr energiyasi uzatish liniyalarining har qanday ob-havo sharoitida barqaror ishlashini ta`minlaydigan zamonaviy izolyasiyalangan simlar bilan almashtirilmoqda. Tez orada 30 kilometrdan ortiq masofaga shunday simlar tortilishi rejalashtirilayotir.

Markazlashtirilgan elektr tarmoqlarining “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” ochiq aksiyadorlik jamiyati tomonidan modernizasiya qilinishi samarasida joriy yilda elektr energiyasini avariya holatida o`chirishlar sezilarli kamaydi. Joriy yil oxiriga qadar 280 kilometr elektr tarmoqlari kapital ta`mirlanadi.

    Boshqa yangiliklar