Toshkent viloyatining Bo`stonliq tumanidagi “Allyur” ot sporti klubida ot sporti bo`yicha Jahon kubogining Markaziy Osiyo ligasi I saralash bosqichi bo`lib o`tdi.
ELLIKKA YaQIN SPORTChI G`OLIBLIK UChUN BAHSLAShDI
Respublikamiz dunyoning yuzdan ziyod davlatlaridagi ot sporti federasiyalarini birlashtirgan Xalqaro ot sporti federasiyasiga 1993 yilning avgust oyida Braziliyada qabul qilingan. Markaziy Osiyo ligasi saralash bosqich musobaqalari 1999 yildan buyon o`tkazilib kelinmoqda.
Xalqaro ot sporti federasiyasi (FEI), O`zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda mamlakatimiz ot sporti federasiyasi tomonidan tashkil etilgan musobaqada ellik nafarga yaqin sportchi g`oliblik uchun bahslashdi.
KUChLI UChLIK KIMLAR?
Musobaqaning shaxsiy birinchilik bahslarida ishtirok etgan chavandozlarimiz yuqori natija ko`rsatib, muxlisu mutaxassislarni xushnud etdi. Balandligi 130-135 santimetr bo`lgan to`siqlardan ot sakratishda G`ayrat Nazarov “Solist” laqabli otida oltin, “Lasinos Boy” laqabli tulporida bronza medalni qo`lga kiritdi. “Lou Leveret” laqabli oti bilan ishtirok etgan yana bir sportchimiz Vladimir Shmelyov ikkinchi o`rinni egalladi.
140 santimetr balandlikdagi to`siqlarni zabt etishda Abdushukur Sobirjonovga teng keladigan topilmadi. Temur Sodiqov “Aragon” laqabli oti bilan ikkinchi o`rinni egalladi, G`ayrat Nazarov “Solist” laqabli otida kuchli uchlikdan joy oldi.

KUTILMAGAN NATIJA
Jahon kubogi saralash bosqichi – Gran-pri bahslari kutilmagan natijalarga boy bo`ldi. Yosh chavandozimiz Abdulaziz Mamatxonov “Forjuliya” laqabli otida 140-160 santimetr balandlikdagi to`siqlardan ot sakratish bahslarida 77,42 soniya natija bilan jahon kubogi I saralash bosqichi g`olibi bo`ldi.
Tajribali chavandozimiz Vladimir Shmelyov ikkinchi, qirg`izistonlik Rinat Galimov uchinchi o`rinni egalladi.
“BAHS OSON KEChMADI”
A. Mamatxonov, yosh chavandoz: – Musobaqada g`alaba qozonganimdan xursandman. Tajribali chavandozlar bilan bahslashish oson kechmadi. Endi jahon kubogining qolgan saralash bosqichlarida ham yuqori natijalarga erishishga harakat qilaman.

“MILLATLAR KUBOGI”DA
Musobaqa doirasida o`tkazilgan an`anaviy “Millatlar kubogi” jamoaviy bahslarida A`zam Tolibboev, Feruz Abdullaev, G`ayrat Nazarov va Umid Komilovdan iborat terma jamoamiz bosh sovrinni qo`lga kiritdi.
Ma`lumot uchun: Poytaxtimizda ot sporti bo`yicha respublika oliy sport mahorati maktabi, Toshkent, Andijon, Farg`ona, Namangan, Samarqand viloyatlaridagi sport maktablari, ot sporti klublarida yosh chavandozlar mazkur sport turini o`rganmoqda. Mamlakat miqyosida muntazam tashkil etilayotgan chempionat va birinchiliklar ularning tajriba-mahoratini oshirishga xizmat qilmoqda.
O`zbekiston ot sporti federasiyasi bilan hamkorlikda
Sarvar SAFAROV tayyorladi





