AsosiySport

Markaziy Osiyo chavandozlari bellashuviga start berildi

Toshkent viloyatining Bo`stonliq tumanidagi “Allyur” ot sporti klubida ot sporti bo`yicha Jahon kubogining Markaziy Osiyo ligasi I saralash bosqichi boshlandi.

Xalqaro ot sporti federasiyasi (FEI), O`zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda mamlakatimiz ot sporti federasiyasi tomonidan tashkil etilgan musobaqada ellik nafarga yaqin sportchi g`oliblik uchun bahslashmoqda.

Musobaqaning shaxsiy bellashuvlarida chavandozlar konkur – to`siqlardan ot sakratish yo`nalishi bo`yicha bahslashmoqda. Musobaqa doirasida an`anaviy “Millatlar kubogi” jamoaviy bahslari ham o`tkaziladi.

Musobaqaning dastlabki kuni chavandozlar 130 santimetr balandlikdan ot sakratish bo`yicha o`z mahoratini namoyish etdi. Tajribali sportchimiz Ibrohim Yo`ldoshev “Bek” laqabli tulporida 58,69 soniya natija qayd etib, birinchi o`rinni egalladi. G`ayrat Nazarov “Solist” laqabli otida 60,84 soniya natija bilan ikkinchi o`rinni egalladi.

Ma`lumot uchun: So`nggi yillarda yurtimizda boshqa sport turlari qatori ot sporti ham jadal rivojlanmoqda. Xususan, poytaxtimizda ot sporti bo`yicha respublika oliy sport mahorati maktabi, Toshkent, Andijon, Farg`ona, Namangan, Samarqand viloyatlaridagi sport maktablari, ot sporti klublarida yosh chavandozlar mazkur sport turini o`rganmoqda.

 

    Boshqa yangiliklar