Poytaxtimizda 20-21 aprel kunlari O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Bosh prokuraturasi, “Mintaqaviy muloqot” (“Regional Dialogue”) xalqaro nodavlat tashkiloti (Sloveniya)ning mamlakatimizdagi filiali hamkorligida “Qonuniylikni ta`minlashning zamonaviy shakllari, uslublari, va mexanizmi: O`zbekiston va jahon tajribasi” mavzusida tadbir o`tkazildi.
Unda mamlakatimizdagi tegishli vazirliklar, idoralar, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari mutasaddilari, mahalliy va xorijiy ekspertlar, oliy o`quv yurtlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda so`zga chiqqan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining raisi o`rinbosari Svetlana Ortiqova, Bosh prokuraturaning korrupsiyaga qarshi kurash bo`limi boshlig`i o`rinbosari Evgeniy Kolenko, Adliya vazirligining jinoiy, ma`muriy va ijtimoiy qonunchilik boshqarmasi boshlig`i Xurshid Xudoyberdiev yurtimizdagi sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, bu borada qo`lga kiritilayotgan yutuqlar xususida to`xtalib o`tdilar.
Shuningdek, “Regionalny dialog” XNT raisi Myusha Sever, AQShning Massachusets shtati oliy sudi sudyasi Robert Kordi, huquq tizimi bo`yicha sloveniyalik xalqaro ekspert Drago Kos qonuniylikni ta`minlash, korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi xalqaro tajribalar xususida fikr almashishdi.
Ta`kidlanganidek, mamlakatimizda korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikning oldini olish hamda bu illatlarga qarshi kurashish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo, tan olish kerakki, hali sayyoramizdagi eng rivojlangan davlatlarda ham bu muammolar to`la-to`kis bartaraf etilgani yo`q. Shu bois, ushbu tizimdagi muammolarni birgalikda, bahamjihat hal etish, o`zaro tajriba almashish muhim ahamiyat kasb etadi.
Anjuman ishtirokchilari o`zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi.





