Farg`onada 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan 1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylariga “Ikkinchi jahon urushidagi G`alabaning 70 yilligi” esdalik yubiley medali hamda pul mukofotlarini tantanali topshirish marosimlari bo`lib o`tmoqda. Bu haqda O`zA xabar beradi.
Prezidentimiz rahnamoligida Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari va mehnat fronti faxriylariga hurmat-ehtirom ko`rsatish yangicha ma`no-mazmun bilan boyidi. Bu jihatlar shu kunlarda mamlakatimizda 9 may – Xotira va qadrlash kuniga bag`ishlab o`tkazilayotgan tadbirlarda yanada yorqin namoyon bo`lmoqda.
Mazkur tadbirlarni ko`tarinki ruhda o`tkazishda Prezidentimizning shu yil 6 martdagi “1941-1945 yillardagi urush qatnashchilarini rag`batlantirish to`g`risida”gi va 2015 yil 19 fevraldagi “O`zbekiston Respublikasi fuqarolari – 1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini “Ikkinchi jahon urushidagi G`alabaning 70 yilligi” esdalik yubiley medali bilan mukofotlash to`g`risida”gi farmonlari muhim dasturilamal bo`lmoqda.
Viloyat tuman va shaharlaridagi Xotira maydonlari, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, qabristonlarda keng ko`lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirilayotir. Ta`lim muassasalari, mahallalar, korxona va tashkilotlarda faxriylarning yoshlar bilan uchrashuvlari, turli ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar o`tkazilmoqda.
Farg`ona shahridagi “1-Iftixor” mahalla fuqarolar yig`inida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Ashir ota Dadajonovning xonadoni har qachongidan gavjum bo`ldi. Viloyat hokimi Sh.G`aniev mahalla faollari, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida otaxonni bayram bilan tabriklab, “Ikkinchi jahon urushidagi G`alabaning 70 yilligi” esdalik yubiley medali va pul mukofoti, viloyat hokimligining esdalik sovg`alarini tantanali ravishda topshirdi. 92 yoshni qarshilagan Ashir ota bunday yuksak e`tibor va g`amxo`rlik uchun minnatdorlik bildirib, yaratgandan tinch-osoyishta va farovon hayotimiz barqaror bo`lishini so`rab duo qildi.
– Prezidentimiz tomonidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga ko`rsatilayotgan e`tibor va e`zozdan ko`nglim tog`dek ko`tarildi, – deydi urush va mehnat faxriysi A.Dadajonov. – Urush yillarining qiyinchiliklarini eslaganimda tinch-osoyishta, farovon o`tayotgan har bir kunimizga shukronalar aytaman. Turli uchrashuvlarda yoshlarga o`tmish xotiralarim, hayot tajribam haqida so`zlab, bugungi dorilomon kunlarning qadriga etish, davlatimiz tomonidan yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalanishni nasihat qilaman. Xalqimizning, Yurtboshimizning bu g`amxo`rligi belimga kuch, ko`zimga nur, yoshimga yosh qo`shmoqda.





