AsosiyShou-biznes

Otabek Mutalxo`jaev: — “bo`lajak rafiqamga talablarim”...

“Muxlis va yulduz” loyihasining galdagi mehmoni “Nihol” mukofoti sovrindori Otabek Mutalxo`jaev. U bilan muxlislaridan biri Abduvosit Sarimsoqov suhbatlashdi. Xonanda Otabek Mutalxo`jaev muxlisi tayyorlab kelgan barcha savollarga ochiqchasiga javob berdi.

— Oxirgi paytlar juda sust ijod qilayotgandeksiz...

— Qo`shiqlar bor, yozyapmiz, chiqaryapmiz. Ammo oxirgi paytda songa qaraganda ko`proq sifatga e`tibor beryapmiz. Shuning uchun muxlislar nazarida sust ijod qilayotgandek tuyulgandirman.

— Otabek Mutalxo`jaevning sevgan qizi bormi?

— Bor edi, u bilan kelisha olmadik... Bu haqda gapirgim yo`q...

— Sizningcha idelingizdagi rafiqa qanday bo`lishi kerak?

— Mening tasavvurimdagi ideal ayol o`z uyini saranjom-sarishta tutadigan, bir kasbining egasi, ichki va tashqi dunyosini chiroyliligiga e`tibor beradigan, pazandaligi, uyatchan, kamgapligi bilan ajralib turishi kerak. Qisqasi go`zal va ro`zg`orbop bo`lish kerak... (kuladi).

— Ijodda ayol prodyuser bilan ishlash qiyin kechmayaptimi?

— Bundan o`n ikki yil oldin Yodgor Mirzajonovning ijodi gurkiragan paytlarda, prodyuseri Feruza Nodirova doim uning yonida bo`lishi, intervyularda ham qatnashishini ko`rib, meni ham xuddi shunaqa faqat moddiy tomonlama emas, ruhan ham qo`llab-quvvatlab turadigan prodyuserim bo`lsa, deya orzu qilardim. Yillar o`tib Feruza opa bilan tanishdim, mana bugungi kungacha hamkorlikda ijod qilib kelyapmiz. Ish bor joyda albatta kamchilik, kelishmovchiliklar bo`lishi tabiiy. Shu sababli, ba`zida urushib qolib, bir-ikki kunlab gaplashmay yuradigan paytlarimiz ham bo`ladi. Lekin bu uzoqqa cho`zilmaydi. Prodyuserimdan ko`p narsani o`rgandim. O`zim boshlovchilik sohasiga qiziqardim. Menga “25 kadr”da boshlovchilik qilish uchun sharoit yaratib berdilar.

— San`atkorning ijodi qachon konsert berishga loyiq bo`ladi deb hisoblaysiz?

— San`atkor san`at sohasida ancha muncha xizmat qilgan bo`lsagina konsert berishi mumkin... Konsert berish uchun repertuaringizda xalq miriqib tinglaydigan, hech bo`lmasa bitta xit bo`lgan qo`shig`ingiz bo`lishi kerak. Shu bitta qo`shig`ingizni tinglash uchun ham odamlar zalni to`ldirib o`tirishi mumkin. Qolaversa, san`atkor bir yilda kamidi bitta xit qo`shiq kuylasagina, u konsert berishga haqli deb bilaman.

— Ayni damda o`z ijodingizni konsertga loyiq deb hisoblaysizmi?

— Qo`shiqlarim soni, sifati jihatidan konsertga loyiq bo`lsada, ayni damda moliyaviy muammolar tufayli bu masala ortga surilyapti... Agar homiy topilsa, albatta konsert berishga tayyorman!

— Munisa Rizaeva, Ziyoda Qobulova, Rayhon G`anieva. Siz san`atkor va xolis kuzatuvchi sifatida ular reytingini aniqlab bera olasizmi?

— Rayhon, Munisa, Ziyoda... Aslida birinchi o`ringa uchalasi ham loyiq. Tan olib aytsak, hammadan faol ijod qilayotgan san`atkorlardan biri bu — Munisa Rizaeva. Lekin reytingni inobatga oladigan bo`lsak, Rayhonga birinchi o`rinni berish kerak.

— Ko`pchilik sizni hind aktyori Saif Ali Xonga o`xshatishadi. Unga taqlid qilasizmi?

— Hatto bolaligimda ham meni Saif Ali Xonga o`xshatishardi. Men ham uning ijodiga qiziqib, “Qaniydi, men ham Saifdek mashhur bo`lib ketsam, meni ham o`z ism-familiyam bilan tanishsa”, deb unga havas qilardim. Avlodimizda san`atkorlar ko`p bo`lishsada, lekin ular juda mashhur bo`lishmagan. Bugun ular men bilan faxrlanishadi...

— Siz uchun qaysi uslubda kiyinish qulayroq?

— Shaxsan men klassik uslubda kiyinishni yoqtiraman. O`zimga shu uslub ko`proq yarashsa kerak, deb o`ylayman. Lekin bunday uslubda kiyinib, faqat tadbir yoki to`y xizmatlariga kirib borishim mumkin. Kundalik hayotda ko`proq sport uslubidagi liboslarni ma`qul ko`raman. Oxirgi paytlarda esa bir oz ulg`ayganimni his qilgan holda jiddiyroq kiyinib yurishni ma`qul ko`ryapman.

— Siz haqingizda tarqalgan oxirgi mish-mish...

— Oxirgi kuylagan “Onamni yig`latmanglar” nomli ashulam, uning klipi ham ko`pchilikka manzur bo`ldi. Qo`shiq musiqasi, uning g`oyasi ham o`zimga tegishli. So`zini esa qashqadaryolik bir shoir yigit yozib bergan. Bu qo`shiqni avval bir musiqiy sayqalchi bilan yozgan edik. Uning ishi menga ma`qul bo`lmaganligi, hali yosh va tajribasiz ekanligi sezilib qolgani sabab, boshqa bir musiqiy bezakchi bilan ishlashga to`g`ri keldi. Chunki qo`shiqni professional darajaga etkazishim kerak edi. Alam qiladigani, qo`shiqning xomaki nusxasini musiqiy bezakchi bilan birgalikda kuylagandim. U esa qo`shiqning men kuylagan qismlariga o`z ovozini qo`yib, ashulani internet saytlari orqali tarqatib yubordi. Qo`shig`imni boshqa musiqiy sayqalchi bilan ishlab, uni teleekran orqali taqdim etgan bo`lsamda, lekin alamzada musiqiy bezakchining ishidan keyin bu qo`shiqni men go`yo undan o`g`rilab kuylagandek bo`lib qoldim... Mish-mishlarni ham uning o`zi tarqatgan.

— Otabek Mutalxo`jaev qaysi ovqatni mustaqil holda o`zi tayyorlay oladi?

— Taomlaridan dimlama, qovurdoq tayyorlay olaman. Milliy taomlar orasida oshni yaxshi ko`rib iste`mol qilaman. Oshni kunora bo`lsada eyishni bilamanu, uni pishirishni bilmayman.

— Sizni san`atning xonandalik, boshlovchilik, va aktyorlik yo`nalishlarida kashf etdik. Aytingchi, qaysi yo`nalishda ijod qila olmayman deb o`ylaysiz va sababi?

— O`zim neft va gaz sohasini bitirib, 2005 dan 2006 yilgacha shu sohada, gaz to`ldirish shaxobchalarida ishlaganman. O`sha paytlarda ham qo`shiqlar yozib, san`at sohasiga intilayotgan edim. Ishdagi rahbarim yoniga chaqirib yoki u yoki bu sohani tanla, deb shart qo`yganidan keyin neft-gaz sohasini tark etishga majbur bo`lganman. Qaysi sohada ijod qila olmasligimni esa o`ylab ko`rmagan ekanman...

— Nega ustoz san`atkorlarning yorqin repertuariga murojaat qilmagansiz? Masalan, ular kuylagan retro qo`shiqlarni siz ham qayta kuylab ko`rishingiz mumkin-ku.

— Ustoz san`atkorlardan Doniyor Toshmuhammedov, Farruh Zokirovlar repertuariga to`y xizmatlarida murojaat qilaman. Bu qo`shiqlarni keng muxlislar e`tiboriga taqdim etmayotganim sababi, ular o`z qo`shiqlarini maromiga etkazib kuylashgan! Men hali o`zimni ular darajasidagi san`atkor, deb hisoblay olmayman.

— Agar birortasi bilan duet etishga imkon tug`ilsa...

— Duet aytish uchun Rayhonni tanlagan bo`lardim.

— Otabek Mutalxo`jaev oxirgi marta qachon yig`ladi?

— Yaqinda O`zbek milliy akademik drama teatrida “Uvaysiy” spektaklini tomosha iqlganimda yig`ladim. Kinoga qaraganda teatrda jonli spektaklni tomosha qilishning o`zgacha gashti bor.

— Muxlis va san`atkor orasida chegara bo`lishi kerak, deb o`ylaysizmi?

— Muxlislar bilan qancha yaqin bo`lsak, shuncha yaxshi. Lekin hamma narsani o`ziga yarash chegarasi bor. Muxlislar bilan ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari o`tkazish mumkin. Yoki albom, klip taqdimotlarida ular bilan suhbatlashishning gashti bor. Masalan, “Robbim” fan-klubimning faol a`zolaridan biri hamma muxlislarimni muloqotga ulab beradi. Men bu muloqot uchun bir soat vaqt ajratib, barcha muxlislarim bilan telefon orqali suhbatlashishga muvaffaq bo`laman. Bu muloqot davomida men ijobiy va tanqidiy fikrlarni eshitaman.

— Kelajakda san`at borasida o`z tajribangizni oshirish uchun nimalarni rejalashtirgansiz?

—  Kelajakda O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutida o`qish niyatim bor.

— O`zingizga yoqmaydigan fazilatingiz?

— Ko`ngilsiz vaziyatlarni ko`nglimga yaqin olaman va tez xafa bo`lib qolaman... Lekin meni xursand qilish ham oson.

QISQAChA MA`LUMOT:

Tug`ilgan yili: 1984 yil, 18 iyul, Toshkent shahri.

Mukofoti: 2007 yilda “Nihol” mukofoti sovrindori bo`lgan.

Repertuari: “Oydanda go`zal”, “Xazon”, “Izlay-izlay”, “Muhabbatning o`zi baxt”, “Dilingman”

Fotomuxbir va oqqa ko`chiruvchi

Mohichehra EShMIRZAEVA

    Boshqa yangiliklar