Bir necha kun avval Germaniya Federativ Respublikasining O`zbekistondagi elchixonasida butun O`zbekiston bo`yicha chet tili sifatida nemis tilini o`rganadigan talabalar orasida “Notiqlik san`ati” shiori ostida sakkizinchi notiqlik tanlovi o`tkazildi.
Germaniya elchixonasi so`nggi yillardagi kabi bu yil ham butun O`zbekiston bo`ylab nemis tilini o`rganayotgan talabalar ishtirok etish imkoniyatiga ega bo`lgan tanlov tashkillashtirdi. Jami 16 nafar ishtirokchi oliygoh o`z talabalari o`rtasida nemis tili bo`yicha ichki tanlov o`tkazib, Germaniya elchixonasida bo`lib o`tadigan yakuniy bosqich uchun bittadan vakilni aniqlab berishdi.
Har yili o`tkaziladigan ushbu tanlovning maqsadi O`zbekistonda nemis tili o`rganilishini qo`llab-quvvatlashdan iboratdir. Bunda yosh notiqlar oldindan tanlab olingan ma`lum bir mavzu bo`yicha o`z nuqtai-nazarlarini tinglovchilar qarshisida nemis tilida tasvirlab berishlari lozim bo`ladi.
Germaniya elchixonasining bu yilgi notiqlik tanlovida ishtirokchilar quyidagi uchta dolzarb mavzudan birini tanlab olishdi:
- Ko`plab yirik shaharlar tez sur`atlarda o`z tashqi qiyofalarini o`zgartirmoqda. Siz Toshkent shahrini 10 yildan keyin qanday ko`rinishda tasavvur qilasiz? Bu o`zgarishlar Sizning hayotingizga qanday ta`sir ko`rsatadi?
- 2015 yilda Ikkinchi Jahon urushi tugaganligiga 70 yil to`ladi. Bu urushning O`zbekiston uchun oqibatlari qanday bo`lgan? Bugungi kunda ham uning ta`siri mavjudmi? Odamlar Ikkinchi Jahon urushini eslashadimi? Buni Germaniyadagi xotirlash madaniyati bilan taqqoslab bering.
- Internetdagi ijtimoiy tarmoqlar Siz uchun qanday ahamiyatga ega? Siz ulardan nima maqsadda foydalanasiz? Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bilan bog`liq xavf-xatarlar mavjudmi? Agar bor bo`lsa, ular nimalardan iborat? Ijtimoiy tarmoqlarning qanday ijobiy imkoniyatlari mavjud?
Musobaqa doirasida yakuniy bosqichga chiqqan jami 16 nafar talaba yuqoridagi uch mavzudan biri bo`yicha 5 daqiqa davomida o`z nuqtai nazarlarini bayon qilishdi va hay`at a`zolarining mavzu bo`yicha savollariga javob berishdi.Bunda ishtirokchilarning tilni bilish darajasi, retorik iqtidori, nutqning sifati va o`ziga xosligi hamda mavzuning mazmunan ochib berilishiga baho berildi.





