AsosiyShou-biznes

Saida Rametova: “Men yiqilganni tepadiganlardan emasman!”

— Gazetamizning o`tgan sonlarida O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Saida Rametova bir yarim yillik tanaffusdan so`ng yana O`zbek milliy akademik drama teatriga ishga qaytgani haqida xabar bergan edik. Bu xabardan so`ng taxririyatimizga aktrisaning ko`plab muxlislari qo`ng`iroq qilib, u bilan suhbat uyushtirishimizni so`rashdi. Mushtariylarimizning taklif va mulohazalarini inobatga olgan holda Rametovlar xonadoniga yo`l oldik. Saida opani so`ngi vaqtlarda bunday xush kayfiyatda ko`rmagan edim.

— Teatrga qaytganingizni eshitib quvondik. Ko`rinib turibdiki, kayfiyatingiz yaxshi. Teatr sizni qanday qabul qildi?

— Teatrga qaytgan kunim ko`pchilik ustozlarim, hamkasblarim o`sha erda edi. Hammalari samimiy munosabatda bo`lib, iliq kutib olishdi. Men ularni, ular meni sog`inishgani sezilib turardi. Oldingdan oqqan suvning qadri yo`q, deb bekorga aytishmas ekan. Bu vaqt mobaynida teatr meni qadrimga etganini sezdim. Aslida bu teatrda ishlayotgan har bir kishining o`z o`rni, teatrning ravnaqida ozmi-ko`pmi hissasi bor. Buni hech kim o`chirib yuborolmaydi. Bu teatrda ishlayotganlarning har biri o`z ishining chinakam vafodor, sodiq kishilari. San`atkor o`z kasbini sevmasa, sahnaga tomoshabinlarga talpinib chiqmasa, men uni san`atkor sanamayman. Aytmoqchimanki, meni teatrda o`rnim qanchalik bilingan bo`lsa, menga ham teatrning o`rni shunchalik bilindi. Bir yarim yil davomida o`zimdan o`tganini o`zim bildim xolos. Umrimning yarmidan ko`p qismini ana shu teatrda o`tkazdim. Quvonchimga ham, qayg`umga ham o`sha sahna, sahnadoshlarim sherik bo`lishdi. Bularning barchasidan bir kunda ayrilish oson emas. Shukr, hammasi o`z o`rniga tushib, men qatori O`zbek milliy akademik drama teatridan bo`shatilgan ko`pgina xodimlar yana o`z joyiga qaytishmoqda.

— Ketganingizda to qaytguningizga qadar voqeaning oxiri nima bilan tugarkin deb rosa kuzatdim. Agar esingizda bo`lsa, teatrda ketganingizda ham birinchi intervyuni o`zim olgandim. Bu orada Muqimiy nomli teatrda ham ish boshladingiz. Lekin sahnaga chiqish nasib qilmadi.

— Muqimiy nomidagi musiqali drama teatriga sobiq direktori, O`zbekiston xalq artisti Murod Rajabovning taklifini rad eta olmay borgandim. U erda doimiy ishlash niyatim bo`lmagan. Bitta spektaklda birga rol o`ynasak degan taklifni berganlari uchun ularni rad eta olmadim. Ustiga-ustak “Muqimiy”da qo`yilayotgan “Otasining qizi” pesasi bundan 30 yil avval hozir O`zbek davlat drama teatrida qo`yilganida turmushga chiqish arafasidagi qizni o`ynagandim. Vaqtning o`tishini qarangki, “Muqimiy”da o`sha qizning onasi rolini topshirishdi. Ancha vaqt repetisiyalarda qatnashib yurdim-u, lekin baribir sahnaga chiqa olmadim. Lekin shunga amin bo`ldimki, qaysi teatr xodimi bo`lishidan qat`i nazar har bir aktyor boshqa teatrlarda ham o`zini sinab ko`rishi kerak ekan. Ana o`shanda teatrlarda o`zaro raqobat kuchayadi, aktyorlar o`z ustida yanada ko`proq ishlaydi.

— O`zbek milliy akademik drama teatriga qaytganingizdan keyin “Andishali kelinchak” spektaklida o`ynadingiz. Sizni sahnada ko`ra turib, Saida opa haqiqatdan ham teatrni sog`inibdi degan o`y keldi.

— (kulib) Nimasini aytasiz... Hatto hamkasblarim ham siz aytgan gapni aytishdi. O`sha kuni tomoshabinlarning nigohlaridan, tabassumlari, qarsaklaridan kuch oldim (o`ylanib). Yuragimdan kechgan hislarni, bir yarim yillik sog`inchni faqat boshidan o`tkazgan odamgina his qiladi.

— Ketganingizda voqeaning asl sababini bilmay turib Saida Rametova teatrni emas, to`yni tanladi degan gaplar qulog`imizga chalingandi. Bundan gaplarni hatto o`zingiz to`yga olib chiqqan, siz sabab el xizmatida tanilgan yosh hamkasblaringizdan ham eshitib hayron qoldik.

— To`g`risi, bu gaplarga unchalik e`tibor bermayman. Ular ham yosh, o`sha payt vaziyatni to`g`ri baholashni bilishmagandir. Axir kim xato qilmaydi? Ularni allaqachon kechirib yuborganman. Va albatta o`zim ham teatrga qaytgach o`tgan vaqt davomida jahl ustida kimnidir xafa qilib qo`ygan bo`lsam, meni kechiringlar deb uzr so`radim. Teatrda masalam ko`rilib, katta majlis qilinganda kimnidir aybdor qilib o`tirganim yo`q, o`zimni oqlamadim ham. Mardlarcha hamma aybni bo`ynimga olib, teatrni tark etdim. Chunki boshqa chora ham qolmagandi. O`sha vaqt sobiq direktorning qarorini juda to`g`ri qabul qildim. Balki to`g`ri qilayotgandir, haqiqatdan ham to`yga chiqadiganlarni birin-ketin ketkazishar deb o`yladim. Yo`q, to`y borasida mashmasha men bilan boshlanib, men bilan tugadi.

— Balki teatrdan ketishingizning asl sababini ocharsiz. Axir oradan bir yarim yil vaqt o`tdi.

— (o`ylanib) Mendan nima gapni kutayotganingizni sezib turibman. Lekin, bu mashmashalarning asl mohiyatini, sabablarini hech qachon, hech kimga oshkor etmayman. Kechagi ish kechada qolib ketdi. Yaratgan kimgadir berib sinarkan, kimdandir olib... Bir yarim yil ichida chiqarkan xulosam shu bo`ldi.

Xullas, gap yiqilishda emas, yana qaddimizni tik tutib turib olishda. Men esa yiqilganni tepadiganlardan emasman. Vaqt eng oliy hakam! Har narsani o`zi joy-joyiga qo`yadi. Men buning isbotini juda ko`p bor ko`rdim.

— Yangi rahbar, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Fathulla Ma`sudovning faoliyatini qanday baholaysiz?

— Tilyog`lamalik deb tushunmassiz-u lekin Fathulla juda tarbiyali, bilimli, hamkasblarini, atrofdagilarni hurmat qiladigan, ochiqko`ngil mehribon inson. O`z kasbini sevadi, shuning uchun teatrda yangidan yangi o`zgarishlar, o`sishlar bo`lishiga ko`zim etyapti. Uning adolatli rahbarligini suiste`mol qilishmasa bo`lgani.

— Teatrda bugun tarixiy asarlarga, xorij klassikasiga ehtiyoj katta. Bir vaqtlar “Uvaysiy” spektaklida o`ynagan edingiz. Uni tiklash niyatingiz yo`qmi?

— Bor. Dilimdagini topib gapirdingiz. “Uvaysiy” bugungi kun yoshlari tomosha qilishi kerak bo`lgan, mavzusi zamonlar osha eskirmaydigan zalvorli spektakl. Bu asarni yana sahnaga qaytarish kerak. Harakatni boshladik, nasib qilsa tez orada bu asar ham sahna yuzini ko`rib qoladi degan umiddamiz.

— Bugun O`zbek milliy akademik drama teatri yangi yosh chehralarni kashf qilmayotgandek. Shodiya To`xtaeva, Dilnoza Kubaevadan keyin Nigina Anorboevaning ijrosini yaxshi deb baholash mumkin-u, baribir unda tajriba kamligi sezilib turadi. Lekin “O`zbekcha raqs”da Niginaning ijrosi tomoshabinlarga yoqyapti. Bitta spektaklda bir qahramonning ham yoshligi ham keksayganini o`ynash mushkul ish. Garchi keksaygan chog`ini Nigina maromiga etkazib o`ynolmayotgan bo`lsa-da, spektakldagi umumiy ijro maqtashga arzigulik.

— Darhaqiqat, aktrisa Nigina Anorboevani men ham O`zbek milliy akademik drama teatrining iqtidorli, kelajagi porloq aktyorlari qatoriga qo`sha olaman. Ko`p yosh aktyorlarimizning birdan ko`zga tashlanmayotganiga kelsak, oxirgi paytlarda O`zbekiston xalq artisti Turg`un Azizov yosh aktyorlar bilan juda yaxshi ishladilar. Ularda oddiy tomoshabin ko`ra olmagan narsalarni ko`ra biladilar. Lekin hamma aktyor ham “yulduz” bo`lib tug`ilmas ekan. Sahnaning elagi esa vaqtning va tomoshabinning qo`lida.

— Yaqinda Saida Rametova avtoholakatga uchrab, olamdan ko`z yumibdi degan xabarlar tarqalibdi. O`zingiz ham eshitdingizmi?

— Navoiylik bir dugonamning onasi qo`ng`iroq qilib Saida Rametova olamdan o`tibdi deganmish. Haligi dugonam xovliqib uyimga qo`ng`iroq qilibdi. O`sha kuni teatrda ilk spektaklimga tayyorgarlik ko`rayotgan edim. Biroz kayfiyatim tushdiyu, yana ishimda davom etaverdim. Bir vaqtlar kenjam Azizga xomiladorlik paytlarimda ham shunday gaplar tarqalgandi. O`shanda ham odamlar bir yil gapirib so`ng unut bo`lib ketgan.

— Darvoqe, Azizning uylanishiga kelsak. Mana uch yildirki har yili to`y qilaman deysiz, hech darak yo`q. Yo Aziz bo`y bermayaptimi?

— (kulib) Nimasini aytasiz, bu bolam hech uylanay demaydi. Hozir o`zi film suratga olayotgani uchun shu kinoni tugatib olay, keyin qachon desangiz o`shanda to`y qilamiz deb va`da berdi. Agar va`dasining ustidan chiqmasa o`zidan ko`rsin, o`zim xohlagan qizni uyiga sovchilikka borib, to`yni belgilab kelaveraman. Istasa, to`y o`tar... (kulgu ko`tarildi) Ba`zida o`ziga shunday hazil qilib qo`yaman. Shundayam xo`p demaydi. Xullas, nasib qilsa shu yil albatta to`y qilamiz.

— Suhbatni yaxshi kayfiyatda boshlagandik, uning oxirini ham shunday yakunlasak. Saida Rametova xush kayfiyatni nimadan oladi?

— Atrofdan, yaxshi odamlardan, muxlislarimdan, qadrdon hamkasblarimdan... Inson hayotdagi hamma sinovga kulib boqishi kerak ekan. Ba`zida taqdirning shunday sinovlariga duch kelamizki, ulardan qochib kutilib bo`lmaydi. O`sha taqdirni munosib yashab o`tish kerak. Men o`zi taqdirimni, eng og`ir damlarini ham munosib yashab o`tayotganimdan mamnunman. Balki shuning uchun hayotga doim tabassum bilan boqarman?

                                               Qamariddin Shayxov suhbatlashdi.

    Boshqa yangiliklar