AsosiyJamiyat

Islom Karimov Namangan va Farg`ona viloyatlari saylovchilari bilan uchrashdi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O`zbekiston Prezidentligiga nomzod Islom Karimov 11 mart kuni Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. Uchrashuvni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazuvchi 6-Namangan okrug saylov komissiyasi raisi G`.Ortiqov ochdi. Bu haqda uz24.uz O`zA ma`lumotlari asosida xabar beradi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov o`zining saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so`zladi.

Dasturda mamlakatimizni modernizasiya qilish va demokratlashtirish, iqtisodiy-ijtimoiy sohani liberallashtirish jarayonlarini izchil davom ettirishning asosiy yo`nalishlari belgilab berilgan. Jumladan, iqtisodiyotni isloh qilish va raqobatbardoshligini oshirish, xususiy mulk va tadbirkorlik uchun yanada keng yo`l ochib berish, davlatning iqtisodiyotdagi ulushini qayta ko`rib chiqish, ekin maydonlarining hosildorligini oshirish, qishloq xo`jaligiga yangi agrotexnologiyalarni joriy etish, fermerlik harakatini, kichik biznes va xizmat ko`rsatish sohasini qo`llab-quvvatlash, mahalliylashtirish dasturlarini kengaytirish, investisiya muhitini yanada yaxshilash, aholi bandligini ta`minlash, xorijiy davlatlar bilan o`zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash kabi muhim yo`nalishlar qamrab olingan.

Shu kuni Islom Karimov Farg`ona viloyati saylovchilari bilan ham uchrashdi. Uchrashuvni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazuvchi 11-Farg`ona okrug saylov komissiyasi raisi N.Sobirov ochdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov uchrashuvda nutq so`zladi.

Uchrashuvlarda  saylovchilar 29 mart kuni bo`ladigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirildi.

    Boshqa yangiliklar