AsosiyJamiyat

Samarqand avtomobil zavodida yigirma minginchi avtomobil ishlab chiqarildi

1999 yilda tijoriy faoliyatini boshlagan va 2006 yilda “Samarqand avtomobil zavodi” mas`uliyati cheklangan jamiyati (“SamAvto” MChJ) nomi ostida qayta tashkil etilgan mazkur korxonada Yaponiyaning “ISUZU Motors Ltd” kompaniyasi bilan hamkorlikda “ISUZU” shassisi asosida harakatlanuvchi avtomobillar ishlab chiqarish yo`lga qo`yildi. Bu haqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi rasmiy sayti xabar qiladi.

Bugungi kunda zavod mahsulotlarining modellari qatoriga M3 turkumining I va II toifali avtobuslari, jumladan, past tubli shahar avtobusi, N seriyasiga kiruvchi yuk tashish va maxsus avtomobillar (yuk ko`tarish qobiliyati 5000 kilogrammgacha bo`lgan N2 toifali avtomobillar), ishlab chiqarilgan va o`rnatilishi mumkin bo`lgan 30 dan ortiq kuzovlarni o`z ichiga olgan F seriyali avtomobillar kiradi. 

Respublikamiz hukumati qarori asosida 2011 yildan Samarqand avtomobil zavodi siqilgan tabiiy gazda ishlovchi dvigatellar o`rnatilgan avtomobillar ishlab chiqara boshladi.

Samarqand avtomobil zavodining yigirma minginchi avtomobili – ISUZU NPR82 mashinasi ham siqilgan tabiiy gazda harakatlanadi. 

Avtomobilning taqdimot marosimida “O`zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi va ISUZU Motors, Itochu Corporation kompaniyalari vakillari so`zga chiqib, mahsulotning yuqori texnologik ko`rsatkichlari va zamonaviy ko`rinishini e`tirof etdi. Korxonada ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishdagi ahamiyatiga to`xtaldi. 

– O`zbekiston avtosanoati jadal rivojlanib borayotgan mamlakatlardan biridir, – dedi ISUZU Motors Ltd ijrochi prezidenti Takanobu Furuta. – Hamkorlikda amalga oshirayotgan loyihalarimiz misolida bunga o`zimiz ham guvoh bo`lib turibmiz. Xususan, Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilayotgan turli rusumdagi zamonaviy avtomobillar xalqaro standartlarga to`la javob beradi. Korxonaning bugun konveyerdan chiqqan yigirma minginchi avtomobilining siqilgan tabiiy gazda harakatlanishini ham alohida mamnuniyat bilan ta`kidlamoqchiman. U evro-standartlarga javob beruvchi ekologik transportlarning yangi avlodidir. 

Shuni alohida ta`kidlash kerakki, Samarqand avtomobil zavodi ISO 9001, ISO 14001, OHSAS 18001 standartlariga javob beruvchi xalqaro sertifikatlarga ega. 

    Boshqa yangiliklar