AsosiyJamiyat

Qashqadaryoda YPX xodimi pora taklif etgan fuqaroning ustidan shikoyat qildi

'Qashqadaryoda YPX xodimi pora taklif etgan fuqaroning ustidan shikoyat qildi'ning rasmi

Qashqadaryo viloyati IIB YHXB yo`l-patrul xizmati 1-otryadi 2-safarbar guruhi katta inspektori, katta serjant Dostonjon Ergashov 2019 yil 13 dekabr kuni soat 12:00larda Qarshi shahar Amir Temur ko`chasida xizmat olib borish jarayonida «Matiz» rusumli, 70 T457MA davlat raqam belgili avtotransport vositasi haydovchisi xavfsizlik kamarini taqmasdan boshqarib kelayotgani sababli to`xtash ishorasini beradi. Haydovchi esa inspektorning bu ishorasiga amal qilmasdan, harakatini davom ettiradi.

Nihoyat, Qarshi davlat universiteti yonida to`xtatilganida, haydovchi avtomashinani hujjatlarsiz boshqarib kelayotgani aniqlandi. Qoidabuzarga nisbatan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtiriladi.

Haydovchi, Qarshi tumanida yashovchi fuqaro A.Jabborov 14 dekabr kuni YPX katta inspektori, katta serjant D.Ergashovga uchrashib, avtoulovni vaqtinchalik jarima maydonchasidan olib chiqishda yordam bersa, evaziga 500 ming so`m berishini bildiradi.

Mazkur holat yuzasidan YPX katta inspektori boshqarma rahbariyatiga bildirgi yozib, pora taklif qilayotgan fuqaroga nisbatan chora ko`rishni so`ragan. Shu asosda IIV O`z xavfsizligi boshqarmasi viloyat bo`limi hamda boshqa huquq-tartibot idoralari xodimlari hamkorligida tadbir o`tkazildi.

14 dekabr kuni soat 18:40larda fuqaro A.Jabborov katta serjant D.Ergashovga Qarshi shahar Mustaqillik ko`chasida 500 ming so`m pulni pora sifatida berayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan qo`lga olindi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deb yozadi "Postda" nashri.

 

    Boshqa yangiliklar