"Toshshahartransxizmat" AJ tomonidan ko`rsatilayotgan transport xizmatini yaxshilashda aholi murojaatlariga alohida e`tibor qaratilmoqda. Yangi tashkil etilayotgan mavzelar, kengayayotgan mahalla va maskanlardagi aholidan bo`layotgan talab va takliflar asosida avtobus yo`nalishlari muvofiqlashtirib borilmoqda.
Xususan, poytaxtning Yashnobod tumani "Olmos" hamda "Go`zal" mahallasi kengayayotgani, aholi soni ortganini inobatga olib, hududdan o`tuvchi avtobus xizmatini yo`lga qo`yish masalasi ko`rib chiqildi. Ushbu masala Jamiyat mutasaddilari tomonidan joyiga chiqib o`rganildi va u erdagi transport qatnovi bilan bog`liq yo`l infratuzilmasi, aholi joylashuvi, yaqin hududdan o`tuvchi jamoat transportlarining imkoniyatlari kabi qator masalalar atroflicha o`rganildi.
Shundan kelib chiqib, “1-avtobus saroyi” MChJ tasarrufidagi “61A” - Yangiobod mavzesi - Xalqaro aeroport yo`nalishini ushbu hududga cho`zish bilan u erda yashovchi aholini manziliga etkazishga qaror qilindi.
Endilikda yo`nalish avtobuslari Yashnobod mavzesidan o`tib, Shohsanam,TXAY, Yakkatol hamda Sokin ko`chalari orqali "Olmos" mahallasigacha boradi. Avtobuslar 13 dekabrdan sinov tariqasida “Olmos” mahallasiga ham xizmat qila boshlaydi. Keyinchalik boshqa yo`nalishlarni bog`lash ko`rib chiqiladi.






