AsosiyJamiyat

Muddatidan oldin ovoz berish tartibi: O`zbekiston va xorijiy davlatlar tajribasi

'Muddatidan oldin ovoz berish tartibi: O`zbekiston va xorijiy davlatlar tajribasi'ning rasmi

Dunyodagi eng muhim demokratik jarayonlardan biri - bu saylovlardir. O`tkazilayotgan har bir saylov jamiyat hayotining ertasini belgilab berishda beqiyos o`rin tutadi. Chunki erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini demokratik saylovlarsiz tasavvur etib bo`lmaydi. 

Saylovlar jarayonida har qaysi davlat va har qaysi jamiyatda xilma-xil fikrlar, odamlarning xohish-irodasi, orzu-umidlari, ijtimoiy kayfiyati yaqqol namoyon bo`ladi. Shu sababli, mazkur siyosiy jarayonni qonun normalari va xalqaro standartlar asosida tashkil etishga alohida e`tibor qaratiladi. Xalq deputatlari Chilonzor tuman deputatligiga 21-“Xosilot” saylov okrugidan ko`rsatilgan nomzod A.Teshaboev Muddatidan oldin ovoz berish tartibi to`g`risida quyidagilarni ma`lum qildi.

Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasining 23-moddasida: xalq irodasi hukumat hokimiyatining asosi bo`lishi lozimligi bu iroda davriy, yalpi va teng saylov huquqidan, yashirin ovoz berish yo`li bilan yoki ovoz berish erkinligini ta`minlaydigan boshqa teng qiymatli shakllar vositasida o`tkaziladigan saylovlarda o`z aksini topishi lozimligi belgilangan.

Saylovlarning adolatli o`tishi unda barcha saylovchilarning ishtirokini ta`minlash borasidagi barcha shart-sharoitlarning yaratilganligi bilan baholanadi. O`zbekiston milliy qonunchiligida barcha saylovchilarning o`z siyosiy irodalarini ifoda etgan holda saylov jarayonida ishtirokini ta`minlash borasida muhim qoidalar belgilangan.

Xo`sh, muddatidan oldin ovoz berish huquqi nima degani? Muddatidan oldin ovoz berish huquqi – bu saylov kuni o`z yashash joyida bo`lish imkoniyatiga ega bo`lmagan saylovchining muddatidan oldin o`zi munosib deb topgan nomzodida ovoz berish huquqidir. Ushbu huquq inson huquqlarining asosini tashkil etibgina qolmay, uning barcha bilan bir qatorda o`z siyosiy irodasini ifoda etishdagi ishtirokini ta`minlashni anglatadi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlis palatalariga yo`llagan Murojaatnomasida saylov qonunchiligi haqida to`xtalib, “Xalkaro norma va standartlarga javob beradigan yagona Saylov kodeksini ishlab chiqish va qabul qilish lozimligi, unda hokimiyatning vakillik organlariga bo`lib o`tadigan saylovlarning adolatli bo`lishini ta`minlaydigan normalarni aks ettirish zarurligi”ni alohida ta`kidlagan edi. Prezidentimiz tomonidan bildirilgan tashabbuslar asosida saylovlarning adolatli o`tishini ta`minlaydigan ko`plab konseptual qoidalar singari muddatidan oldin ovoz berish tartibi ham yangi Saylov kodeksida o`z aksini topdi.

Xususan, O`zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 57-moddasiga muvofiq, muddatidan oldin ovoz berish saylovga o`n kun qolganida boshlanadi va saylovga uch kun qolganida tugallanadi. Muddatidan oldin ovoz berishni o`tkazish vaqti tegishli okrug saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi va saylovchilarning, kuzatuvchilarning e`tiboriga ommaviy axborot vositalari orqali etkaziladi. Mazkur qoidaga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 3 dekabrdagi 
999-son qarori qabul qilinib, unga ko`ra, 2019 yilning 12 dekabr kuni soat 
09-00 dan saylovlarga muddatidan oldin ovoz berish jarayoniga ruxsat berildi. Shuningdek, qarorda muddatidan oldin ovoz berish joriy yilning 18 dekabr kuni soat 18-00 ga qadar davom etishi belgilandi.

Mazkur qarorga muvofiq joriy yilning 12 dekabr kunidan e`tiboran saylov kuni o`z yashash joyida bo`lmaydigan saylovchilar Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga bo`lib o`tadigan saylovlarda ko`rsatilgan nomzodlarga ovoz berishlari mumkin. Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida bo`la olmasligining sabablari, masalan, ta`til, xizmat safariga ketish, xorijga chiqish va hokazo sabablarini ko`rsatgan arizasi asosida tegishli uchastka saylov komissiyasidan saylov byulletenini oladi. Saylovchi saylov byulletenini olganligi haqida tegishli uchastka komissiyasining kamida ikki nafar a`zosi hozirligida saylovchilar ro`yxatiga imzo qo`yadi.

Saylovchi to`ldirilgan saylov byulletenini yopiq konvertda qoldiradi, konvert tegishli uchastka saylov komissiyasining seyfida saqlanadi. Konvertning elimlangan joyiga uchastka komissiyasining ikki nafar a`zosining imzolari qo`yilib, ular komissiyaning muhri va ovoz beruvchining imzosi bilan tasdiqlanadi. Caylov kuni uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais o`rinbosari komissiya a`zolari bilan birgalikda muddatidan oldin ovoz berish byulletenlari solingan yopiq konvertlarni saylov qutisiga tashlaydi.

Mazkur tartibning mavjudligi milliy saylov tizimimizning “Fukarolik va siyosiy huquqlar to`g`risidagi xalkaro Pakt”, 1994 yilgi “Erkin va adolatli saylovlar prinsiplari to`g`risidagi Parij Deklarasiyasi va boshqa xalqaro hujjatlarda nazarda tutilgan standartlarga muvofiq ekanligini anglatadi.

Saylovlarda muddatidan oldin ovoz berish tartibi ilg`or xorijiy davlatlar, xususan, Rossiya, Finlandiya, Norvegiya, Germaniya, Fransiya, Polsha, Ruminiya, Qozog`iston va boshqa ko`plab davlatlarda mavjud. Xususan, Rossiya Federasiyasi Saylov kodeksining 149 va 1410-moddalarida “Muddatidan oldin ovoz berishni o`tkazish tartibi” va Saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berish to`g`risidagi arizani topshirish tartibi” alohida ko`rsatilgan. Xususan, unga ko`ra, muddatidan oldin ovoz berishga Rossiya Federasiyasi Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan saylovga kamida to`qqiz kun qolganida boshlanib, saylovga bir kun qolganda tugallanadi.

Shuningdek, Polsha Respublikasi Saylov kodeksining 28-moddasiga muvofiq, muddatidan oldin ovoz berish saylovga kamida 5 kun qolganida boshlanib, 1 kun qolganida tugallanadi, Germaniya Federativ Respublikasi Saylov kodeksiga muvofiq, muddatidan oldin ovoz berish saylovga 3 hafta qolganida boshlanib, saylovchilar “ko`k konvert” yuborish uslubida o`tkaziladi. Bundan tashqari, muddatidan oldin ovoz berish jarayoni Avstraliyada saylovga 15 kun qolganida boshlanib, saylovga 2 kun qolganida tugallanadi; Finlandiyada saylovga 18 kun qolganida boshlanib, saylovga 3 kun qolganida tugallanadi.

Ko`rib turibmizki, muddatidan oldin ovoz berish tartibi dunyoning ko`plab mamlakatlarida mavjud bo`lib, saylovchilarning siyosiy huquqlarini ta`minlash borasidagi eng muhim omillardan biri hisoblanadi.

Hozirda mamlakatimiz muhim siyosiy jarayon arafasida turibdi. Saylovlarga ham sanoqli kunlar qolmoqda. Umid qilamizki, yaqinlashib kelayotgan yangi saylovlar yurtimiz taraqqiyoti, uning jahon hamjamiyatidagi o`rni va nufuzini yanada oshirishga, shuningdek xalqimiz istagan kuchli vakillik organining shakllanishiga xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar