AsosiyJamiyat

Nukusda Prezident maktabi ochildi

'Nukusda Prezident maktabi ochildi'ning rasmi

11 dekabr kuni Nukus shahrida ham Prezident maktabining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi.

Maktab 168 o`rinli bo`lib, 2 qavatli o`quv binosi, oshxona, 3 qavatli yotoqxona, xorijlik o`qituvchilar uchun 15 o`rinli mehmonxona mavjud. Har bir sinf xonada interaktiv doska va tablolar, Science xonalarida alohida laboratoriya xonalari mavjud.

Joriy yilda mazkur maktabning 5-10 sinflariga hujjat topshirgan 7,5 ming nafardan ziyod o`quvchidan 144 nafari qabul qilindi. Kelasi o`quv yilidan boshlab, har yili 5-sinfga 24 nafar o`quvchi qabul qilinadi.

Prezident maktabida darslar Kembrij universiteti ekspertlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o`quv reja va dasturlari asosida olib boriladi. Maktabga 8 nafar xorijiy yuqori malakali mutaxassis hamda 23 nafar mahalliy o`qituvchi jalb qilingan. Ular ham xalqaro ta`lim talablari asosida maxsus imtihonlar orqali tanlab olingan.

Maktab zamonaviy uslubda, jahon standartlariga muvofiq tarz­da yuksak did bilan qurilgan. Ilm maskani markazida kattagina kutubxona bor. Ushbu kutubxona kelajak avlodning puxta bilim olishida as­qotadigan tarzda kitob fondiga ega bo`lishi tabiiy.Prezident maktablarida o`quv jarayoni "STEAM – ta`lim”dasturi (Science – tabiiy fanlar, Technology — texnologiya­lar, Engineering — texnik ijodkorlik, Art — san`at, Mathematics — matematika) bo`yicha olib boriladi, bu esa iqtidorli yoshlarning fikrlash qobiliyati, iroda, ijodiy salohiyati, moslashuvchanligini rivojlantirishga imkon beradi. Ushbu yo`nalishdagi darslar to`liq ingliz tilida olib boriladi. Ayni paytda maktab "STEAM”metodologiyasi bo`yicha darslik va o`quv qo`llanmalar bilan ta`minlangan.

Prezident maktablari bitiruvchilari belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels)ga ega bo`ladi. Bu xorijiy oliy o`quv yurtlariga kirish imkonini beradi.

Shuningdek, Prezident maktabi internat sifatida faoliyat ko`rsatadi. O`quvchilar haftaning 5 kunida maktab hududida ham o`qib, ham yashaydi. Dam olish kunlari esa ota-onasi bag`rida bo`ladi. Mazkur dargohning boshqa maktablardan yana bir ustun tomoni shundaki, ta`lim olayotgan o`quvchilar maktab formasi, o`quv qurollari, oziq-ovqat bilan to`liq bepul ta`minlanadi.

Avvalroq Prezident maktabi Xorazm viloyati hamda Namanganda faoliyat boshlagani haqida xabar bergandik.

 

    Boshqa yangiliklar