AsosiyJamiyat

Xitoyning ikki shahridan muntazam reyslar yo`lga qo`yilishi kutilmoqda

'Xitoyning ikki shahridan muntazam reyslar yo`lga qo`yilishi kutilmoqda'ning rasmi

11 dekabr kuni Xitoyning Sian shahrida O`zbekistonning turistik salohiyati taqdimoti va B2B uchrashuvlar o`tkazildi.  

Unda O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi v.v.b. Abdulaziz Aqqulov boshchiligidagi delegasiya, shuningdek Xitoyning LoongAir aviakompaniyasi prezidenti Lyu I hamda turistik biznes vakillari ishtirok etishdi.

“Janob Lyu I boshchiligidagi LoongAir aviakompaniyasiga ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish yo`lidagi sa`y-harakatlari uchun alohida minnatdorchilik bildiraman. Biz yo`lga qo`ygan hamkorlik aloqalari muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning mamlakatda turizmni rivojlantirish va aviasiya bozorini liberallashtirish bo`yicha olib borayotgan siyosatiga to`liq muvofiq keladi. 2020 yilning 1 yanvaridan Xitoy Xalq Respublikasi fuqarolari uchun vizasiz rejim e`lon qilindi. Bu bizga yangi reyslarni yo`lga qo`yish hamda hamkorlikni kengaytirish uchun xizmat qiladi. Ochilish marosimidan so`ng ikki davlat turoperatorlari B2B uchrashuvlar o`tkazishadi hamda bundan keyingi rejalarni belgilab olishadi. Biz bir tomonlama emas, ikki tomonlama o`zaro manfaatli hamkorlik qilib, nafaqat O`zbekistonga, balki Xitoyga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini oshirishga ham harakat qilamiz. O`zbekiston sayyohlar uchun doim ochiq”, - dedi Abdulaziz Aqqulov tadbirni ochib berar ekan.

LoongAir kompaniyasi prezidenti Lyu I, o`z o`rnida, O`zbekistonning turistik salohiyati yuqori ekanini ta`kidlagan holda, tez orada XXRning Chendu va Xenchjou shaharlaridan O`zbekistonga muntazam reyslarni yo`lga qo`yishni rejalashtirayotgani qayd etdi.

“2020 yilning 1 yanvaridan Xitoy fuqarolari uchun O`zbekistonga kirish bo`yicha vizasiz rejim yo`lga qo`yilishini inobatga oladigan bo`lsak, kelgusida Xitoyning Chendu va Xenchjou shaharlaridan muntazam reyslarni yo`lga qo`yish maqsadga muvofiq bo`ladi”, - deya izoh berdi u.

Shundan so`ng Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi Marketing boshqarmasining Evropa mamlakatlari bo`yicha bo`lim boshlig`i Aziz Mirjalilov O`zbekistonning sayyohlik salohiyatiga doir taqdimotini o`tkazdi. Unda so`nggi yillarda turizm sohasida amalga oshirilgan qator islohotlar natijasida erishilgan yutuqlar, yurtimiz turizmi bo`yicha xitoylik sayyohlarni qiziqtirishi mumkin bo`lgan ma`lumotlar, O`zbekistonning xalqaro reytinglardagi o`rni, shuningdek turizm statistikasi bilan bo`lishildi. 2020 yildan O`zbekiston va Xitoy o`rtasidagi reyslar 9 tadan 15 taga etkazilishi ma`lum qilindi.

Bundan tashqari, taqdimot davomida O`zbekistonning eng qadimiy shaharlari Samarqand, Toshkent, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlariga alohida to`xtalib o`tildi.

Buyuk Ipak yo`lining ulug` allomalari Alisher Navoiy, Abu Rayhon Beruniy, Al-Xorazmiy va Abu Ali ibn Sino haqidagi ma`lumotlar yig`ilganlarda katta qiziqish uyg`otdi.

O`zbek milliy qo`shiqlari va jozibador raqsi esa tadbirga o`zgacha shukuh bag`ishladi.

Shundan keyin O`zbekistondan tashrif buyurgan turistik tashkilotlar hamda Sian shahri turistik biznes vakillari o`rtasida B2B uchrashuvlar o`tkazilib, ikki davlat o`rtasidagi turistik oqimni oshirishga yo`naltirilgan hamkorlik aloqalarini kuchaytirishga kelishib olishdi.

    Boshqa yangiliklar