Namangan viloyati Yangiqo`rg`on tumani tog`li hududlaridan hisoblanmish “Nov” MFY da joylashgan 48-sonli umumiy o`rta ta`lim maktabida tahsil olayotgan o`quvchilar endi jismoniy tarbiya darslarini qishning sovuq kunlarida ham bemalol mashg`ulotlar o`tishlari mumkin, deb xabar berdi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federasiyasi axborot xizmati.
Boisi shuki, mana, bir necha yillardan buyon maktabning isitish tizimi nosozligi tufayli o`quvchilar sport zalidan foydalana olmay kelishayotgandi. Maktab ma`muriyati yuqori turuvchi bir necha tashkilotlarga og`zaki, yozma murojaatlar qilishlariga qaramay, bu muammo hozirgi kunga qadar o`z echimini topmagan.
O`quvchilar uchun kuzning so`ngi oylari, qish fasli davomida maktab ma`muriyati va bir necha ota- onalar 2019 yil 3 dekabr kuni Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federasiyasiga murojaat qilishdi. Federasiya mutasaddilari darhol ushbu muammoni qonunlarda belgilangan tartiblarda bir necha tashkilotlar bilan birgalikda o`rganib chiqib, tez fursatda hal qilib berishga erishishdi. Murojaat 5 kun muddat ichida o`rganib chiqilib, maktabga yangi to`qqiz million bir yuz ming so`mlik istish tizimi o`rnatildi.






