AsosiyJamiyat

15-17 yoshli o`smirlar uchun AQShning TechWomen dasturiga arizalar qabul qilinmoqda

'15-17 yoshli  o`smirlar uchun AQShning TechWomen dasturiga arizalar qabul qilinmoqda'ning rasmi

Poytaxtdagi “Kitob olami” binosida AQShning TechWomen dasturi mutaxassisi Eylin Bryuer bilan davra suhbati bo`lib o`tdi. Eylin Bryuer Silikon vodiysida texnologik kompaniyalarda 20 yillik tajribaga ega mutaxassis bo`lib, 2011 yildan buyon TechWomen dasturining professional murabbiyi vazifasini ham o`tab kelmoqda. Eylin Bryuer  dunyo bo`ylab o`tkazadigan seminarlarida xotin-qizlarni texnologiya sohasiga qiziqtirishga ularni ushbu sohada faoliyat yuritishlari uchun dasturlarga jalb qilish bilan shug`ullanadi.

Toshkentdagi tashrifi chog`ida Bryuer xonim texnologiya sohasiga qiziqqan yoshlar bilan uchrashib, ularga TechGirls dasturi haqida so`zlab berdi. 

  • Ushbu dastur Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlarida yashovchi qizlarni ilm-fan va texnologiyalar sohasida ish yuritishga rag`batlantirish va ilhomlantirishga qaratilgan xalqaro yozgi almashinuv dasturidir.

Dasturning asosiy qismida AQShda to`rt hafta davomida tajriba orttiriladi. Dastur ishtirokchilari interaktiv texnologiya va ixtisoslashgan lagerda kodlash va kiber xavfsizlik kabi texnologiyaga oid mavzularni chuqur o`zlashtirishadi va 45 soatdan ortiq amaliy mashg`ulotlarda ishtirok etishadi.

Ushbu lagerlarda qizlar texnologik kompaniyalar va etakchi klinikalarga tashrif buyurishadi, jamoat xizmatarini ko`rsatish ishlarida va madaniy tadbirlarda ishtirok etishadi. Dastur tugallangach, qatnashchilar o`z yurtlariga qaytib, maktab yoki jamoa ichida kamida bitta trening-dastur yoki xizmat ko`rsatish biln bog`liq loyihani amalga oshiradilar. TechGirls dasturi malaka oshirish seminarlarida qatnashish va AQShning eng yaxshi innovasion texnologiya mutaxassislari bilan tajriba almashish bilan bir qatorda Virjiniya texnologik lagerida ishtirok etish imkonini ham beradi. Shuningdek, TechGirls dasturi boy madaniy tajriba imkoniyatini taqdim etib, ishtirokchilarni texnologi sohasi bo`yicha oliy ma`lumot olishga ilhomlantiradi va ushbu sohada ishlash qobiliyatini oshiradi, – deydi Bryuer xonim.

Davra suhbati davomida ushbu dastur bo`yicha AQShda malaka oshirib kelgan o`zbekistonlik qizlar ham so`zga chiqishdi va o`z taassurotlarini so`zlab berishdi. 

Sevara Akramxonova : – Ushbu dastur bo`yicha 2019 yilda AQShda bir oy davomida bo`ldim va kiber xavfsizlikni dasturlash bo`yicha o`qidim. Dastur menga juda yoqdi, o`zimga bo`lgan ishonch oshdi, qaytib kelganimdan keyin o`z loyihamni ishlab chiqdim. Maqsadim, qizlarni informasion texnologilar sohasiga qiziqtirish. Dasturlash va kiber xavfsizlik asoslarini o`rgatadigan ushbu loyiham qizlarga bag`ishlangan bo`lib, keyinchalik loyiha kengaygach, unga o`g`il bolalarni ham jalb qilish niyatimiz bor. 

Dasturga saralash jarayoni qanday kechadi?

TechGirls dasturi AQSh Davlat departamenti qoshidagi Ta`lim va madaniyat masalalari byurosining tashabbusi bo`lib, dastur ishtirokchisiga aylanish uchun topshirilgan hujjatlarni sanoat sohasining etakchilari va mintaqaviy ekspertlardan iborat mustaqil qo`mitalar ko`rib chiqadi. Birinchi bosqichdan o`tganlar suhbatga chaqiriladi.

Arizalarni topshirish 2019 yil 15 noyabr kunidan boshlab yuborilgan, arizalar 2020 yilning 15 yanvar kuniga qadar qabul qilinadi.

Kimlar ishtirok eta oladi?

Almashinuv dasturi boshlanishida 15-17 yosh bo`lganlar (2020 yilning 1 iyun kuni siz 15 yoshdan kichik yoki 17 yoshdan katta bo`lsangiz dasturda ishtirok eta olmaysiz), texnologiya, injiniring (muhandislik) va/yoki matematika sohalarida ilg`or tajriba yoki qiziqishga ega bo`lganlar dasturda bemalol ishtirok etishlari mumkin.

Ishtirokchilar aniq fanlar yoki texnologiya sohasida oliy ma`lumot olish yoki mehnat qilishni istashlari hamda ingliz tilini puxta o`zlashtirgan bo`lishlari lozim.

Arizalar legacyintl.org/techgirls sayti orqali qabul qilinadi. Dastur ishtirokchilari vatanga qaytib kelgach, o`rta maktabda bitta qo`shimcha semestr o`qishi va jamoada bitta foydali loyihani amalga oshirishlari lozim bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar