AsosiyJamiyat

Yangi yildan markazlashgan issiqlik ta`minoti xizmatlariga yillik to`lov bekor qilinishi mumkin

'Yangi yildan markazlashgan issiqlik ta`minoti xizmatlariga yillik to`lov bekor qilinishi mumkin'ning rasmi

 2 dekabr kuni Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida «Issiqlik ta`minoti tizimini takomillashtirish va issiqlik ta`minoti korxonalarini moliyaviy sog`lomlashtirish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarori loyihasi muhokamasiga bag`ishlangan brifing bo`lib o`tdi. Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi va «Toshissiqquvvati» DUK mutasaddilari ishtirokidagi tadbirda vazirlik bo`lim boshlig`i Abdulaziz Matro`ziev issiqlik ta`minoti uchun to`lovlar tarifi o`zgarishi bo`yicha izoh berdi.

«Prezidentning «Issiqlik ta`minoti tizimini takomillashtirish va issiqlik ta`minoti korxonalarini moliyaviy sog`lomlashtirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarori loyihasi muhokamaga qo`yilgandan keyin to`lovlar tarifi bo`yicha e`tirozlar bildirildi. Bunda ko`pchilik tomonidan issiqlik ta`minoti uchun narxlar oshadi, deya noto`g`ri talqin qilindi.

To`lovlar tarifi o`zgarmaydi, aksincha tizim optimallashtiriladi. Hozirgacha fuqarolar isitish tizimi uchun oldindan yillik to`lov amalga oshirib kelishmoqda. Isitish muddati har yili mavsumga qarab o`zgaradi. 2018-2019 yillarda bu mavsum 135 kun, 2017-2018 yil 148 kun davom etgan.

Ko`rib turganingizdek, vaziyat turlicha. Fuqarolarimiz nima uchun isitish ta`minoti berilgan kunlar uchun ham to`lov qilamiz, deya ko`p bora savol berishadi. Shuni inobatga olib, yangi qaror loyihasida tarif siyosati ishlab chiqildi. Unda hozirgidan farqli ravishda fuqarolar endi faqat foydalanilgan isitish ta`minoti uchungina oyma-oy to`lov amalga oshirishlari mumkin. Bunda issiqilik ta`minoti berilgan muddatiga - 148 kun uchun (taxminan 5 oy) to`lov tarifi belgilandi. Bu muddat mavsumga qarab o`zgarishi mumkin. To`lovlar ham shunga monand bo`ladi.

Hozirgi tizimda 1 m2 uchun 1772 so`m to`langan bo`lsa, yangi tarif bo`yicha 143 so`m (1 kun uchun) etib belgilanadi. Tariflardagi narxlar saqlanib qolganiga sabab to`lov tarifi bilan  etkazib berish xarajatlari o`rtasidagi tavofut respublika va mahalliy byudjetdan ajratilgan qariyb 233 mlrd. 200 mln. so`m hisobiga qoplanadi.

    Boshqa yangiliklar