Oliy Majlis Senatining 30 noyabr kuni chaqirilgan 24-yalpi majlisida “2020 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida”gi qonun ma`qullandi.
O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari – Moliya vaziri Jamshid Qo`chqorov ushbu Qonun haqida ma`ruza qildi.
Qayd etilishicha, Davlat byudjeti loyihasi Xalqaro valyuta jamg`armasi hamda boshqa xalqaro moliyaviy institutlar tomonidan taqdim etilgan ekspertlar bilan birgalikda jahon standartlariga mos ravishda ishlab chiqilgan qonun shaklida taqdim etildi. Bundan ko`zlanayotgan asosiy maqsad:
- Byudjetni qabul qilish va ijrosini ta`minlashda parlament nazoratini kuchaytirish;
- byudjet intizomini mustahkamlash;
- byudjet mablag`laridan oqilona va samarali foydalanish;
- byudjet ijrosi jarayonining ishtirokchilarining mas`uliyati va javobgarligini oshirishdir.
Ushbu qonunning 5 muhim jihatiga to`xtalamiz:
1.2020 yildan boshlab mahalliy byudjetlar o`zlarining xarajatlarini erkin va mustaqil ravishda shakllantiradi. Bunda ish haqi, oziq-ovqat, dori-darmon va kommunal xizmatlar xarajatlari rejalashtirilishini nazarda tutgan holda shakllantirish lozim bo`ladi. Bu bilan mahalliy xokimlik organlari o`z byudjetlarini shakllantirish bo`yicha mustaqil bo`ladi va kelgusida o`z vaqtida to`lanishi bo`yicha majburiyatlarini ham oshiradi.
2. Davlat byudjeti xarajatlari vazirlik va idoralar kesimida tasdiqlanadi. Qonun bilan byudjetdan mablag` oluvchi idoralarning vakolatlari va mas`uliyati oshiriladi, shuningdek, ular faoliyatining samaradorligi yuzasidan Parlament nazoratini kuchaytiriladi. Misol uchun, Xalq ta`limi vazirligiga 18,6 trln. so`m, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligiga esa 3,3 trln. so`m Respublika byudjetidan mablag` ajratilishi ko`zda tutilmoqda.
3. 2020 yilda tashqi qarz miqdori cheklanadi. Uzoq muddatda byudjet barqarorligini saqlash maqsadida tashqi qarzni jalb etish bo`yicha imzolanadigan yangi shartnomalarning chegaralangan miqdori 4 mlrd. AQSh dollari, davlat maqsadli dasturlarini amalga oshirish uchun O`zbekiston Respublikasi nomidan jalb qilinadigan tashqi qarzning cheklangan hajmi 1,5 mlrd. AQSh dollari miqdorida belgilandi.
4. 2020 yil uchun Davlat byudjetining jami xarajatlari 131,1 trln. so`m miqdorida prognoz qilinmoqda. Davlat byudjeti xarajatlarini sohalar kesimida tahlil qiladigan bo`lsak, ijtimoiy soha xarajatlari 66 trln. so`mni tashkil etmoqda.Kelgusi yilda ta`lim sohasiga 30 trln., Oliy ta`lim muassasalari faoliyatini moliyalashtirishga 2,3 trln., sog`liqni saqlash sohasiga 14,8 trln., madaniyat sohasi xarajatlari 1,4 trln., sport tadbirlarini o`tkazish uchun 0,9 trln., obodonlashtirish ishlariga 2 070,9 mlrd., Orolbo`yi mintaqasini rivojlantirishga 303,4 mlrd. so`m mablag` ajratilishi ko`zda tutilgan.
Kelgusi yil Davlat byudjetida mamlakat xavfsizligi, chegaralar dahlsizligi va davlatimiz mudofaa qobiliyatini ta`minlash, Davlat xokimiyati va boshqaruv organlari, sud va prokuratura organlarini saqlash xarajatlari bilan bog`liq boshqa xarajatlar ham to`liq ravishda o`zining ifodasini topgan.
5. Byudjet jarayonining shaffofligi oshiriladi. Qonunda byudjet jarayonining barcha ishtirokchilariga byudjet mablag`laridan foydalanishda shaffoflikni va ochiqlikni ta`minlash talabi qo`yilmoqda. Moliya vazirligi tomonidan bu borada “Ochiq byudjet” portali yuritilmoqda, “Fuqarolar uchun byudjet” axborot nashri chop etilmoqda. “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida tuman va shaharlarning daromadlarning prognozdan ortgan qismining 10 foizi aholi tomonidan ovoz berish orqali ishlatilmoqda.






