AsosiyJamiyat

Davlat byudjeti ilk bor qonun bilan mustahkamlanmoqda

'Davlat byudjeti ilk bor qonun bilan mustahkamlanmoqda'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 24-yalpi majlisi oldidan Oliy Majlis Senati qo`mitalari majlislari bo`lib o`tdi. Unda yalpi majlisda ko`rib chiqiladigan masalalar muhokama qilindi.

Jumladan, “2020 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida”gi Qonun ko`rib chiqildi. Davlat byudjeti ilk bor qonun bilan mustahkamlanayotgani, mazkur hujjat aholi turmush sifatini yanada yaxshilashi, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi o`rni borasida so`z yuritildi.

Ta`kidlanganidek, ushbu Qonun Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi tomonidan O`zbekiston Respublikasining respublika byudjeti xarajatlari, soliq va yig`imlar stavkalarini tasdiqlash, mazkur Qonunni amalga oshirish bilan bog`liq bo`lgan byudjet jarayoni va byudjet darajalari o`rtasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadlariga yo`naltirilgan.

Bundan tashqari, Qonunda Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarini, shuningdek, tumanlar va shaharlar byudjetlarini ko`rib chiqish va qabul qilish, 2020 yil uchun O`zbekiston Respublikasi byudjet tizimi byudjetlarining daromadlarini taqsimlash, Qoraqalpog`iston Respublikasi respublika byudjetining, viloyatlar viloyat byudjetining, Toshkent shahri shahar byudjetining hamda tumanlar va shaharlar byudjetlarining qo`shimcha manbalaridan foydalanish tartibi, 2020 yilda O`zbekiston Respublikasi byudjet tizimi byudjetlari xarajatlarini amalga oshirishning o`ziga xos xususiyatlari tartibga solinishi qayd etilgan.

— 2020 yilga mo`ljallangan byudjetning muhim masalalaridan biri, byudjetni qabul qilish va uning ijrosida Parlament nazoratini kuchaytirishdir, - deydi moliya vaziri o`rinbosari Yorqin Turunov. — Bundan tashqari, byudjet intizomini mustahkamlash, mablag`lardan oqilona foydalanish va ijrochining mas`uliyati va javobgarligini oshirish masalalari ham bor. Ma`lumki, hisobotlarda noqonuniy xarajatlar, kamomadlar, o`g`irliklar kabi masalalar yuzaga chiqadi. Bu narsalarning oldini olish, byudjet mablag`lariga ega bo`lgan hududlarga vakolat, mustaqillik berilishi bilan birga ularning mas`uliyatini oshirish ham qonunda belgilab qo`yilgan. 

Ma`lum qilinishicha, mamlakat byudjetining shakllanishi va ijrosining shaffofligini ta`minlash maqsadida “Openbudget” informasion portali yaratildi.

Eslatib o`tamiz, “2020 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni 30 noyabr kuni chaqiriladigan Oliy Majlis Senatining 24-yalpi majlisida batafsil muhokama qilinadi.

    Boshqa yangiliklar