Respublika suv ta`minoti tizimini yanada takomillashtirish to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori imzolandi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 26 noyabrdagi “Aholining ichimlik suvi bilan ta`minlanganlik darajasini oshirish va uning sifatini yaxshilash uchun O`zbekiston Respublikasining suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PF–5883-son Farmoniga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi tizimiga kiruvchi suv ta`minoti davlat unitar korxonalari negizida ushbu korxonalarni mas`uliyati cheklangan jamiyatlar sifatida qayta tuzish orqali “O`zsuvta`minot” AJ tashkil etilganligi ma`lumot uchun qabul qilinsin.
Suv ta`minoti tizimini takomillashtirish bo`yicha ishlarni izchil davom ettirish, sohaga chet el investisiyalarini jalb etish va mamlakatning ichimlik suv ta`minoti va suv chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida tashkil etilayotgan mas`uliyati cheklangan jamiyatlar qayta tuzilayotgan tegishli davlat unitar korxonalarining shartnomalari, huquqlari (2019 yilning 1 oktyabr holatiga ko`ra 381,7 milliard so`m debitor qarzdorlik) va majburiyatlari (2019 yilning 1 oktyabr holatiga ko`ra 499,8 milliard so`m kreditor qarzdorlik) bo`yicha huquqiy vorislari hisoblanadi.
O`zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi davlat unitar korxonalarini qayta tashkil etish yakunlangunga qadar ularning mol-mulki saqlanishini ta`minlaydi.
Qarorda suv ta`minoti va suv chiqarish sohasidagi Loyihalar tayyorlanishini moliyalashtirish jamg`armasini shakllantirish, shuningdek, loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni keyinchalik moliyalashtirish uchun Osiyo taraqqiyot banki bilan 15 million AQSh dollari miqdorida qarz mablag`lari ajratilishi to`g`risida kelishuvga erishilganligi aytilgan.
Vazirlik 2020 yil 1 mayga qadar Loyihalar tayyorlanishini moliyalashtirish jamg`armasining mablag`lari hisobidan suv ta`minoti va suv chiqarish sohasida hisob yuritilishi va monitoringini, ichimlik suvini ishlab chiqarish va taqsimlash bo`yicha inshootlarning zamonaviy o`lchov asboblari (sarf o`lchagichlari) bilan jihozlanishini ta`minlovchi zamonaviy axborot va resurs tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo`yicha loyihaning texnik-iqtisodiy asosi ishlab chiqilishini ta`minlaydi.
Vazirlik, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat soliq qo`mitasining suv ta`minoti korxonalarining 2019 yil 1 oktyabr holatiga ko`ra O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg`armalari, shuningdek, elektr energiyasini etkazib beruvchilar oldidagi, jumladan, muddati o`tgan qarzdorligini to`lovlarni 5 yil muddatga, shu muddatdan, keyingi 5 yil mobaynida har oy bir me`yorda so`ndirgan holda kechiktirish hamda o`z vaqtida amalga oshirilmagan to`lov uchun hisoblangan penyalarni hisobdan chiqarish yo`li bilan restrukturizasiya qiladi.






