Joriy yilning 25 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Farg`ona viloyati boshqarmasida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda matbuot xizmati rahbarlari bilan 10 oylik faoliyat yakunlariga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
Ma`lum qilinishicha, Majburiy ijro byurosi Farg`ona viloyat boshqarmasi tomonidan viloyatda debitor qarzdorlikni qisqartirish va to`lov intizomi samaradorligini oshirish borasida bir qator ishlar qilinmoqda.
Xususan, 2019 yilning yanvar-oktyabr oylari davomida boshqarma tomonidan energiya resurslari, suv iste`moli va qattiq maishiy chiqindilar sohasida 1 trln. 577,4 mlrd. so`m qarzdorlik undirildi.
Elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi va qattiq maishiy chiqindilar bo`yicha 2019 yilning 10 oyi mobaynida undirilgan mablag`larning viloyatlar kesimidagi ulushi bo`yicha tahlil qiladigan bo`lsak, Farg`ona viloyati respublika miqyosida Toshkent shahar va Toshkent viloyatidan keyin 3-o`rinda borayotganini ko`rishimiz mumkin. Yoki boshqacha qilib aytadigan bo`lsak, respublika bo`yicha undirilayotgan to`lovlarning 10 foizdan ortig`i Farg`ona viloyati hissasiga to`g`ri kelmoqda.
Bundan tashqari, anjumanda aliment undiruvlari borasida ham sezilarli natijalarga erishilayotgani ham alohida ta`idlandi.
Aytib o`tish kerakki, aliment to`lovi bo`yicha qarzdor shaxslar bilan o`tkazilgan profilaktika va tushuntirish ishlari natijasida 2880 ta oilalar yarashtirildi.
Aliment undirish to`g`risidagi ijro hujjatlari bo`yicha doimiy ish o`rniga ega bo`lmagan qarzdor fuqarolarni ishga joylash va shu orqali aliment pullarini o`z muddatida to`lanishiga erishish maqsadida mehnat yarmarkalari tashkil etilib, 2019 yilning 10 oyi davomida 1292 ta qarzdorlar turli ishlarga joylashtirildi.
Shuningdek, xodimlarning mas`uliyatini oshirish, ular tomonidan nomunosib va nojo`ya xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida 382 ta profilaktik tadbirlar, shu jumladan 443 nafar xodimlar bilan individual tartibda profilaktik suhbatlar o`tkazildi.
Shuningdek, mazkur tadbirda qonun ustuvorligini ta`minlash, qonuniylikni mustahkamlash va byuro faoliyatiga oshkoralik berilishida bevosita yaqindan yordam ko`rsatib kelayotgan bir guruh OAV vakillariga boshqarma boshlig`ining tashakkurnomasi va esdalik sovg`alari topshirildi.
Xususan, “Ruxsor” teleradiokanali bosh muharriri M.Akbarov, “Huquq dunyosi” jurnali muharriri M.Erkaboeva, “Rishton 24” telegramm kanali blogeri, “Vodiy 24.uz” internet ommaviy axborot vositalari muxbiri U.Qodirov va Farg`ona viloyati Axborot va ommaviy kommunikasiyalar boshqarmasi bosh mutaxassisi B.Raxmonga rasman tashakkurnoma e`lon qilindi.
Matbuot anjumani nihoyasida ishtirokilarga Byuro xodimlarining faoliyati bilan shaxsan tanishishlariga imkon yaratib berildi.






