Ijtimoiy tarmoqlarda “Haydovchi Qoraqalpoqda DAN xodimlari bilan janjaldan so`ng sirli tarzda olamdan o`tdi…” haqida xabar tarqalgan edi. Ushbu holatga Bosh prokuratura tomonidan bayonot berildi.
Bayonotga ko`ra, Qoraqalpog`iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan 12.11.2019 yilda A-380 “G`uzor-Buxoro-Nukus-Beynou” yo`nalishida N.Holiqovni murdasi topilganligi holati yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
Aniqlanishicha voqea quyidagicha bo`lgan:
12.11.2019 yilda taxminan soat 22:00larda Qo`ng`irot tumanidagi bojxona postida fuqaro S.Urinov boshqaruvidagi “Lacetti” rusumli avtomashinasi Qoraqalpog`iston Respublikasi IIV YHXB 3-safarbarlik guruhi inspektorlari tomonidan to`xtatilib, yo`l harakati xavfsizligi qoidasi buzilganligi holati yuzasidan bayonnoma rasmiylashtirilishi haqida aytilganida, avtomashina yo`lovchisi O.Xusanov inspektorlarni haqorat qilgan.
O.Xusanov inspektorlar bilan janjallashgan vaqtida avtomashina yo`lovchisi Samarqand viloyati, Nurobod tumanida yashovchi N.Holiqov ushbu holatni telefonining video kamerasiga olish jarayonida YHXB inspektorlari undan videoga olmasligini so`rashgan. Shunda, N.Holiqov YHXB inspektorlari telefonini olib qo`ymasliklari uchun avtomashinadan tushib qochib ketgan.
Biroz vaqt o`tganidan so`ng, A-380 “G`uzor-Buxoro-Nukus-Beynou” asfalt yo`lining 874-875-km.da (tadbir o`tkazilayotgan joyidan 450 metr uzoqlikda) N.Holiqovning murdasi topilgan.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko`ra, marhum N.Holiqovning o`limi yurak qon tomir etishmovchiligi oqibatida kelib chiqqanligi sabab bo`lgan.
Xozirgi kunda ushbu holat yuzasidan Qoraqalpog`iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Holat bo`yicha YHXB xodimlarining hatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.






