Qarshi tumanida yashovchi Q.M. pensiya yoshiga etgan, ammo etarli ish staji mavjud emas edi. Buni bilgan R.G. esa unga o`z "yordami"ni taklif etadi.
Kelishuvga ko`ra, R.G. Qarshi tumani arxiv idorasidagi tanishlari orqali Q.M.ga 15 yillik qo`shimcha ish staji yozdirib bermoqchi bo`ladi. Buning uchun esa har bir yil uchun 100 ming so`mdan, jami 1,5 millon so`m "xizmat haqi" so`raydi. Q.M. avvaliga bunga rozi bo`ladi, biroq keyin bu ishning jinoyat ekanini anglab, qo`shnisi orqali huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar beradi.
Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qarshi tumani bo`limi tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda R.G. Qarshi shahridagi buyum bozori yonida pullarning bir qismini olgan vaqtida qo`lga olingan.
Ayni paytda R.G.ga nisbatan sud hukmi bilan jazo muqarrarligi ta`minlangan.






