Ijtimoiy tarmoqdagi saytlarda “Farg`onada elektr ta`minoti korxonasi bosh hisobchisi 27 mln so`mni o`zlashtirgani aniqlandi” sarlavhali xabar e`lon qilingan edi.
“Farg`ona elektr tarmoqlari” AJning ma`lumotiga ko`ra, Majburiy ijro byurosining viloyati boshqarmasi va byuroning Qo`shtepa tumani bo`limi tezkor xodimlari tomonidan Qo`shtepa tuman elektr tarmoqlari korxonasidagi ushbu holat o`rganildi. O`tkazilgan o`rganish davomida, tuman ETK hisobchisi Yu.A. korxonada elektr hisobini yuritishda «Elektr hisob» rasmiy dasturida ishlash uchun unga ishonib topshirilgan elektron kalit «parol imzo» orqali kompyuter texnikasi vositalaridan foydalangan holda 2014 yil noyabr oyidan 2019 yil avgust oyiga qadar, turli vaqtlarda ETK iste`molchisi bo`lgan 16 ta yuridik korxonalarining elektr hisoblash koeffisientlariga g`arazli niyatlarda o`zgartirishlar kiritish orqali o`zganing mulkini rastrata qilish yo`li bilan talon-toroj qilib, davlat manfaatlariga 504 577 kVt soat yoki ko`p miqdorda 101 589 467 so`m moddiy zarar etkazganligini aniqlangan.
Tergov harakatlari davomida jamiyatga etkazilgan zarar to`liq qoplangan.
Holat yuzasidan “Farg`ona XETK” AJ tomonidan o`tkazilgan xizmat tekshiruvi davomida Qo`shtepa tuman ETK texnik hisobchisi Yu.Axmadjonov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 2019 yil 01 noyabr kunidan bekor qilindi.
Bundan tashqari, jinoyat ishlari bo`yicha Buvayda tuman sudi tomonidan tuman elektr ta`minoti korxonasi bosh hisobchisi A.Rahmonovga nisbatan sud hukmi e`lon qilindi. Unga ko`ra, A.Rahmonov O`zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 3-qismi «g» bandi va 209-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilgan.
Jinoyat ishi hujjatlariga ko`ra, A.Rahmonov 2016 yil 1 dekabrdan 2018 yil 1 iyunga qadar Buvayda tumani elektr ta`minoti korxonasida bosh hisobchi lavozimida ishlab kelgan. Mansab mavqeini suiiste`mol qilib, o`ziga biriktirilgan «elektron kalit» orqali tumandagi 45 nafar iste`molchining elektr energiyasi uchun to`lagan naqd pul shaklidagi jami 27 million 489,4 ming so`m mablag`ini qabul qilib olib, uning o`rniga 44 nafar iste`molchining elektr energiyasi uchun to`lagan, yillar davomida to`planib qolgan pul mablag`larini boshqa 45 nafar iste`molchilarning hisob-raqamlariga yo`naltirish orqali qoplab, pul mablag`larini o`z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborib, o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilgan.
Shuningdek, jinoiy harakatlariga qonuniy tus berish maqsadida fuqarolar hisob raqamidagi pul mablag`larini boshqa fuqaro hisob raqamiga o`tkazilishini so`rab murojaat qilganligi ko`rsatilgan arizalarni qalbakilashtirib, fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlariga jiddiy zarar etkazgan.
Tergov harakatlari davomida jamiyatga etkazilgan zarar to`liq qoplangan.






