Aholi orasida aliment olish va to`lash tartiblari haqida tushunmovchilik hamda nizolar muntazam kuzatilib turadi. Tahririyatimizga bu bo`yicha ko`p murojaatlar kelayotgani uchun "Huquqiy axborot" kanali bilan hamkorlikda aliment mavzusiga oid bir qator savollarga javob tayyorladik.
1. Aliment qanday tartibda undiriladi?
Voyaga etmagan bolaga aliment to`lash tartibini ota-ona o`zaro kelishgan holda belgilashga haqli. Ushbu majburiyat ixtiyoriy ravishda bajarilmasa ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug`iga asosan aliment undiriladi.
2. Aliment to`lash asosan otaning majburiyatiga kiradimi?
Yo`q. Voyaga etmagan bolalariga aliment to`lash va ularga ta`minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir.
3. Aliment qachondan undirila boshlaydi?
Aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab undiriladi.
Agar ta`minot uchun mablag` olish choralari sudga murojaat qilingunga qadar ko`rilganligi, ammo aliment to`lashi shart bo`lgan shaxsning uni to`lashdan bosh tortganligi oqibatida aliment olinmaganligi sud tomonidan aniqlansa, o`tgan davr uchun aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab uch yillik muddat doirasida undirib olinishi mumkin.
4. Aliment qachongacha undiriladi?
Voyaga etmagan bolaga aliment u voyaga etgunga qadar to`lanadi.
5. Voyaga etgan bolaga ham aliment to`lanadimi?
Ota-ona voyaga etgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta`minot berishi shart. Bunda ta`minot berish ota-onaning kelishuviga ko`ra amalga oshiriladi. Kelishuvga erishilmagan taqdirda nizo sud tartibida hal qilinadi.
6. Aliment qancha miqdorda undiriladi?
Agar voyaga etmagan bolalariga ta`minot berish haqida ota-ona o`rtasida kelishuv bo`lmasa, aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun — 1/4 qismi; ikki bola uchun — 1/3 qismi; uch va undan ortiq bola uchun — ½ qismi miqdorida undiriladi.
Voyaga etgan bolaga alimentning miqdori sud tomonidan har oyda pul bilan to`lanadigan qat`iy summada belgilanadi.
7. Aliment to`lovchi hech qaerda ishlamasachi?
Agar aliment to`lovchi ishlamasa aliment o`rtacha oylik ish haqi miqdori bo`yicha hisoblab chiqiladi.
8. Bola kasal bo`lganda va boshqa holatlarda qo`shimcha moddiy ta`minot olinadimi?
Bolaning og`ir shikastlanishi, kasal bo`lishi va boshqalar tufayli kelib chiqqan, bolaning ta`minoti uchun zarur bo`lgan qo`shimcha xarajatlarda ota-ona ishtirok etishi shart.
9. Alimentni birato`la oldindan to`lash mumkinmi?
Xa. Voyaga etmagan bolalar ta`minoti uchun alimentlar bola voyaga etguniga qadar bo`lgan davr uchun, shu jumladan ko`chmas yoki ko`char mulk yoxud boshqa qimmatli ashyoni berish yo`li bilan oldindan to`lanishi mumkin.
10. Aliment miqdorini kamaytirish yoki aliment to`lashdan ozod etish mumkinmi?
Ha mumkin. Aliment to`lovchining boshqa voyaga etmagan bolalari bo`lib, undan aliment undirilganda o`sha bolalar aliment olayotgan bolalarga nisbatan kamroq ta`minlanib qoladigan bo`lsa, shuningdek qonunchilikda belgilangan boshqa bir qator hollarda aliment miqdori sud tomonidan kamaytirilishi mumkin.
Agar voyaga etmagan bola davlat yoki nodavlat muassasalarining to`liq ta`minotida bo`lsa, sud to`lanayotgan aliment miqdorini kamaytirish yoki uni aliment to`lashdan ozod qilishi mumkin.






