Uying har tomonlama qulayliklarga ega bo`lsa, qanday yaxshi! Buning ustiga, o`tirgan joyingda hamma jihozlarni boshqara olsang. Nimaiki xohlasang, pultning bittagina tugmasi bilan bajarsang.
“Orzuga ayb yo`q“, deyishadi. Samarqand shahrida yashovchi S. N. ham zamonaviy qulayliklarga ega bo`lgan uyda yashashni niyat qilib, mablag` jamg`ara boshladi. Hisob-kitoblari bo`yicha ta`mirlash ishlari uchun etadigan mablag` tejaldi. Endi navbat arzon va sifatli ishlaydigan “qo`li gul” ustani topishda. U er, bu erlarda, gap-gashtaklarda uyini ta`mirlatishini, yaxshi usta izlayotganligini gap orasida qistirib o`tdi. Nihoyat, “arzon va sifatli ishlaydigan “qo`li gul” ustaning o`zi eshigini qoqib keldi.
Hammasi yaxshi, hammasi joyida, faqatgina ta`mirni yakunlash uchun sanitariya texnigi kerak. Bu borada “qo`li gul” usta xonadon sohibining joniga oro kirdi. Sanitariya jihozlarini o`rnatuvchi do`sti bor ekanligini aytdi.Santexnik bilan o`zaro narx borasidagi kelishuvdan so`ng qurilish mollari do`konidan mahsulotlarni olib kelish qoldi, xolos. Uy egasi mahsulotning sifati borasida tushunchaga ega emasligini aytib, santexnikning qo`liga pul tutqazdi.
Ta`mirlash ishlari avjida, lekin olib kelingan qurilish mollarining sifatiga xonadon sohibi ikkilana boshladi. Qiziq, qurilish mollarining sifati borasida farqni bilmaydigan odamning ikkilanishiga e`tibor qiling.Avvalo qurilish mollarining sifatiga tushunmaydigan inson endilikda sifat borasida ikkilanmoqda. Bu so`zlarni bejizga yozayotganimiz yo`q. Chunki xonadon sohibi va usta o`rtasidagi mojaroga xuddi mana shu ikkilanish sabab bo`lgan. Ya`ni, buyurtmachining xonadoniga o`rnatilgan sanitariya vositalarining sifatsizligidan noroziligi, ta`mirlovchining esa kafolat berishi.
Alamzada bo`lgan S.N. Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federasiyasiga murojaat qilishga majbur bo`ldi. Chunki S.N. o`z arizasida 2250 (ikki ming ikki yuz ellik) AQSh dollari berganligini aytib o`tsa, S.N.ning turmush o`rtog`i xarajatlar uchun jami bo`lib 2044 (ikki ming qirq to`rt) AQSh dollari va 740 000 (etti yuz qirq ming) so`m berganligini ko`rsatib o`tadi.
E`tiboringizni uchinchi shaxsning tushuntirish xatiga qaratmoqchimiz. Unga qayd etilishicha, usta O.Q. 1300 (bir ming uch yuz) AQSh dollari olganligini tasdiqlaydi. Qiziq holat. Uch insonning tushuntirish xatida uch xil summa ko`rsatilgan. Kim haq, kim nohaq bu savol ochiqligicha qolaverdi.
Federasiya xodimlari holatni aniq asoslar negizida o`rganib chiqishdi. Nihoyat, masalaga oydinlik kiritildi. Usta O.Q. bajarilmay qolgan ishlar uchun uzoq savdolashishdan so`ng murojaatchi S.N.ga 500 (besh yuz) AQSh dollarini qaytarib berdi. Shu bilan muammoga nuqta qo`yildi.






