Aholi va tibbiyot muassasalarining arzon va sifatli dori-darmon vositalari bilan ta`minlash, ularning narxini belgilash bo`yicha ochiq-oshkora mexanizmni joriy etish maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi tomonidan dori vositalari narxini shakllantirish va tartibga solish bo`yicha o`rganishlar o`tkazildi.
O`rganish o`tkazishga Qo`mitaga kelib tushayotgan ariza va murojaatlar aholi bilan o`tkazilgan uchrashuv va so`rovnomalar asos bo`ldi. Joriy yilning 10 oyi davrida Qo`mitaga dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bo`yicha iste`molchilardan 248 ta arizalar kelib tushgan bo`lib, ularning 133 tasi (53,7%) dori vositalari narxlarning qimmatligi hamda dorixonalarda bir turdagi dori vositalari narxlarida katta tafovut mavjudligi yuzasidan kelib tushgan.
Ma`lumki, mamlakatimizda chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalarini ulgurji va chakana sotish ularni etkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat`iy nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo`lmagan miqdorlarda cheklangan savdo ustamalari qo`llaniladi.
Shu bilan birga, ustamalarni qo`llash uchun baza narxi sifatida dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini xarid narxlari qabul qilingan.
O`z navbatida, xarid narxiga chetdan olib kelinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining kontrakt narxi, bojxona bojlari va yig`imlari hamda boshqa xarajatlar inobatga olinadi.
O`rganish natijasida shu narsa ma`lum bo`ldiki, chetdan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari kontrakt narxini kelishish bilan birga shartnomalar tegishli chegirmalar qo`llanilishini nazarda tutilgan holda tuzilishi ma`lum bo`ldi. Ayrim hollarda ushbu chegirmalar 60-80 foizgacha taqdim etilmoqda. Bu darajada katta chegirma qo`llanilishi shartnomadagi birlamchi narxning sun`iy yuqori belgilanishidan dalolat beradi.
Aynan chegirmalar chet eldagi etkazib beruvchilar tomonidan mahalliy importer korxonalarga o`zaro kelishgan holda har hil qo`llanilishi oqibatida ichki bozorda ham narxlarda tafovut yuzaga kelmoqda.
Shuni alohida ta`kidlash joizki, agar chet eldagi etkazib beruvchi bilan mahalliy importer korxona “eksklyuziv” shartnoma tuzgan bo`lsa, hamda etkazib berilayotgan dori vositasiga yuqori talab mavjud bo`lgan taqdirda (shu jumladan taniqli brend bo`lgani hisobiga) chegirmalar bu darajada katta bo`lmasligi va birlamchi qimmat kontrakt narxi qo`llanishi kuzatilmoqda.
Yuqori talabga ega bo`lgan ayrim turdagi dori vositalari narxlarini qo`shni davlatlar (RF, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston) narxlari bilan solishtirilganda tafovut 10 foizdan 100 foizgachani tashkil etmoqda.
MASALAN, MAGNIY V6 TABLETKASI TOShKENT ShAHRIDA 55-60 MING SO`MDAN SOTILAYoTGAN BO`LSA, UShBU DORI VOSITASI NURSULTON VA BIShKEK ShAHARLARIDA O`RTAChA 40 MING SO`M, DUShANBE ShAHRIDA 30 MING SO`M, MOSKVADA ESA 36 MING SO`M EKVIVALENTIDA SOTILMOQDA.
Qo`shni davlatlarda dori vositalari narxlarining pastligining sabablari o`rganilganida dunyoning 30 dan ortiq davlatida, shu jumladan MDX davlatlarda qo`llanilib kelayotgan tashqi referent narxlarni shakllantirish usulidan foydalanilayotganligi aniqlandi.
Tashqi referent narxni shakllantirish usuli – dori vositalari narxlarini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish yoki geografik joylashuv jihatidan bir-biriga yaqin bo`lgan davlatlardagi narxlarni solishtirish asosida narxlarni shakllantirish hisoblanadi.
Masalan, ayrim davlatlarda (Avstriya, Bolgariya, Italiya)da tashqi referent narx sifatida o`rtacha narxlar olinadi, boshqalarida (Vengriya, Ispaniya, Polsha) eng kichik narxlar usuldan foydalaniladi.
Bundan tashqari, ba`zi davlatlarda (Belgiya, Chexiya, Belarus)tashqi referent narxlar barcha turdagi dori vositalariga qo`llanilsa, boshqalarida (Niderlandiya, Rossiya, Qozog`iston) ayrim turdagi dori vositalariga referent narxlar qo`llaniladi.
Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida joriy yil 15 noyabr kuni farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish va aholini dori vositalari bilan ta`minlash borasidagi ishlar tahlili va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazildi.
Yig`ilishda Prezidentimiz tomonidan aholi va sog`liqni saqlash muassasalarini arzon hamda sifatli dori vositalari, tibbiyot buyumlari va texnikalari bilan ta`minlash borasidagi ustuvor vazifalarni belgilab berildi.
Shundan kelib chiqqan holda, mamlakatimizda ham asosiy turdagi dori-darmon vositalari narxlarini shakllantirishning yangi mexanizmini, ya`ni tashqi referent narxlarni shakllantirishni joriy etish taklif etilmoqda.
Bunda, quyidagilar nazarda tutiladi:
- Tanlab olingan (referent) qo`shni davlatlardagi dori vositalari narxlarni yagona elektron bazasi yuritiladi;
- Dori vositalari uchun taklif etilayotgan narx qo`shni davlatlardagi narxlar bilan solishtiriladi;
- Dori vositalarini dorixonalardagi narxlari tashqi referent narxdan yuqori bo`lmaslik talabi belgilanadi;
- Importyorlar, shu jumladan mahalliy ishlab chiqaruvchilar o`z mahsulotining bo`lajak narxlari to`g`risida Sog`liqni saqlash vazirligini veb-saytida tanishish va hisob-kitoblarini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo`ladi.
Mazkur mexanizmni amalga oshirilishi natijasida:
- birinchidan, dori-darmon vositalari narxi pasayishiga erishiladi va har hil dorixonalardagi narxlar tafovuti minimumga keladi;
- ikkinchidan, importerlar tomonidan narxlar orqali manipulyasiya qilish oldi olinadi;
- uchinchidan, davlat xaridlarini amalga oshirishda byudjet mablag`lari iqtisod qilinadi.
Yuqoridagi takliflarni amalga oshirish maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi, Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda dori vositalarini import qilish va sotishda tashqi referent narxlarni shakllantirish mexanizmini joriy etish bo`yicha tegishli qaror loyihasi tayyorlanmoqda.






